O‘zbekistonda Indoneziya bilan hamkorlikda islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi

O‘zbekistonda Indoneziya bilan hamkorlikda islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida islom moliyasi hamda bank ishi yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 9-sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziya haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Siti RuhaIni Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari qatnashdi. Suhbat boshida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli hamkorlik aloqalari yuqori bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Shuningdek, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi qurilgan “Hadis” mehmonxonasi ochilgani bilan tabriklandi.
Mehmonlarga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ulamolar kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. XIV asr oxiri — XV asr boshlarida Indoneziyada islom ma’rifatining yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi ikki xalqni bog‘lab turishi ta’kidlandi. Shuningdek, Indoneziyaning birinchi prezidenti Ahmad Sukarno Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani eslatib o‘tildi.
Uchrashuvda haj va umra safarlarini yuqori darajada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, O‘zbekistondagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan Indoneziyadagi vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yakunda muhokama qilingan tashabbus va takliflarni amalga oshirish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Indoneziya haj va umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf bilan uchrashgan.
Tomonlar turistik almashinuvni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish va turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan. Xususan, Toshkent—Jakarta hamda O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini Indoneziya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilgan.

