Mahalliy

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlardagi talqinlar uy-joy savdosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga oid savollarni kuchaytirdi. Aslida yangi tartib qanday?

O‘zbekistonda uylarni muddatli to‘lovga olish imkoniyati butunlay bekor qilinmaydi, biroq bu boradagi tartiblar o‘zgaradi. Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qaroriga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab muddatli to‘lov xizmatlari operatorlarining faoliyati tartibga solinadi.

Ushbu qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchilarga tovar yoki xizmatlarni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandida ko‘chmas mulk operatorlar tomonidan ko‘rsatiladigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmasligi belgilangan. Bu esa vositachi operatorlar orqali uy-joyni muddatli to‘lovga olish imkoniyatini istisno etadi.

Biroq, bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni to‘liq taqiqlamaydi. Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Demak, quruvchi o‘zi qurgan uy-joyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga cheklov qo‘ymaydi.

Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "endi uyni muddatli to‘lovga olib bo‘lmaydi" degan xabarlar to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov faqat muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Xulosa qilib aytganda, 2027-yildan boshlab operatorlar orqali uy-joyni muddatli to‘lovga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi imkoniyati saqlanib qoladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.