O‘zbekistonda endi 10-sinf o‘quvchilari ham texnikumga o‘qishini ko‘chira oladi

O‘zbekistonda endilikda 10-sinf o‘quvchilari ham texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish uchun yagona tartib joriy etiladi. Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda topshirish mumkin.
Shuningdek, o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi o‘rnatiladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoni to‘liq raqamlashtirilib, zarur ma’lumotlarni davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ushbu xizmatlarni YIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyati ikki oy muddatda yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu qaror 10-sinf o‘quvchilariga texnikumlarda kasbiy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish hamda o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirishni maqsad qilgan.
Avvalroq, O‘zbekistonda 2026/27-o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga stipendiya to‘lash boshlanishi haqida xabar berilgan edi. Vazirlar Mahkamasining 30-iyundagi qarori bilan ushbu stipendiyani to‘lash tartibi belgilangan.
Hujjatda qayd etilishicha, Kasbiy ta’lim agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026/27-o‘quv yiliga qadar dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash bo‘yicha maxsus platformani ishga tushiradi.

