O‘zbekistonda dehqon xo‘jaligi va tomorqasidan yuqori daromad oluvchilarga yer solig‘ining 90 foizi qaytariladi
O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga to‘langan yer solig‘ining 90 foizi mahalliy budjetdan qaytariladi. Tartib dastlab Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi.

O‘zbekistonda dehqon xo‘jaligi va tomorqasidan yuqori daromad oluvchilarga yer solig‘ining 90 foizi qaytariladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 547-son qarori bilan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga to‘langan yer solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yildan boshlab dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishdan yuqori daromad oluvchilarga budjetga to‘langan yer solig‘ining 90 foizi qaytariladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Buning uchun daromad oluvchi quyidagi shartlarga javob berishi kerak:
Qarorda daromad oluvchilarni aniqlash va soliqning qaytariladigan qismini hisoblashda elektron ma’lumotlardan foydalanish belgilangan.
Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan mahsulotlar hajmi, turi va ekin maydoni, shuningdek, ularni sotishdan olingan daromad haqidagi ma’lumotlar “Onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi. Bu ma’lumotlar “UzexAgro” elektron savdo platformasidagi mahsulotlarning o‘rtacha sotish narxlari bilan birga hisob-kitoblarda qo‘llanadi.
“Onlayn mahalla” platformasiga ma’lumotlar kiritilgach, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish davom etsa, ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda kiritib borilishi mumkin.
Mahsulotlarning o‘rtacha sotish narxi platformaga kiritilgan ma’lumotlar orasidagi eng yaqin muddatda amalga oshirilgan bitimlardan kelib chiqib, ularning o‘rtacha narxining 80 foizi miqdorida belgilanadi.
Daromad oluvchining bir sotix yer uchastkasiga to‘g‘ri keladigan daromadi bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan yuqori bo‘lsa, tegishli ma’lumotlar avtomatlashtirilgan dasturga yuboriladi. Qaytariladigan soliq summasi shu ma’lumotlar asosida hisoblanadi.
Nizomda yer uchastkasidan hujjatlarsiz yoki yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq maydonda foydalanish holatlari ham nazarda tutilgan.
Bunday holat aniqlansa, yerning haqiqatda foydalanilayotgan maydoni bilan hujjatlarda ko‘rsatilgan maydon o‘rtasidagi farq soliqning qaytariladigan qismini hisoblashda inobatga olinadi.
Shuningdek, daromad oluvchining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishdan olgan umumiy daromadi, foydalanilgan yer maydoni va mahsulotlar turi hisob-kitob uchun asos bo‘ladi.
Qarorda yer solig‘ining bir qismini qaytarish jarayoni bir nechta bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.
Birinchidan, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari yetishtirilgan mahsulotlar, ekin maydoni va sotishdan olingan daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi.
Ikkinchidan, Soliq qo‘mitasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi ushbu ma’lumotlarni qayta ishlab, qaytarilishi lozim bo‘lgan soliq summasini hisoblaydi.
Uchinchidan, avtomatlashtirilgan dastur ma’lumotlari asosida uch kun muddatda qaytariladigan soliq summasi bo‘yicha buyurtma G‘aznachilikka taqdim etiladi.
To‘rtinchidan, G‘aznachilik buyurtma kelib tushgan kundan keyin uch ish kunidan kechiktirmay mablag‘ni o‘tkazadi. Soliq qo‘mitasi mablag‘lar kelib tushganidan keyin bir ish kuni ichida ularni vakolatli bankda ochilgan hisobvaraqqa o‘tkazadi va daromad oluvchilar reyestrini taqdim etadi.
Beshinchidan, vakolatli bank mablag‘larni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ko‘rsatilgan daromad oluvchilarning bank kartalariga bir ish kunida o‘tkazadi.
Agar daromad oluvchi soliqning bir qismini qaytarish uchun taqdim etgan ma’lumotlari va hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmasa, qaytarish rad etilishi mumkin. Bunda rad etish sabablari haqida xabar beriladi. Daromad oluvchi esa qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
Qarorga muvofiq, yangi tartib 2027-yilda Namangan viloyatida joriy etiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi sinov natijalarini tahlil qilib, ushbu mexanizmni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha 2028-yil 1-fevralga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi kerak.
Qarorni amalga oshirish uchun zarur dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining maxsus jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Yer solig‘ining qaytariladigan qismini moliyalashtirish esa mahalliy budjetlarning daromadlar qismida yer solig‘ini qaytarish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

