O‘zbekistonda bolaga otasining ismini familiya sifatida qo‘yishga ruxsat berish taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda bolaga familiya berish tartibini kengaytirish taklif etilmoqda. Bunda ota yoki onaning familiyasi bilan bir qatorda, otaning ismini ham bolaning familiyasi sifatida belgilash imkoniyati yaratiladi. Tegishli qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekistonda bolalarga otasining ismini familiya sifatida berish taklifi ilgari surilmoqda. Bu masala Senatning 7-avgustdagi yalpi majlisida muhokama qilindi.
Senator Odiljon Mamatkarimovning ma’ruzasida ta’kidlanishicha, otasining ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining yo‘qligi ayrim fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. U bunga misol qilib, bolalar uyida voyaga yetgan otalar yoki otalik huquqidan mahrum etilgan shaxslarning farzandlarini keltirdi. Ularning ba’zilari o‘z farzandlariga otalik huquqidan mahrum qilingan otasining ismini familiya sifatida berishni istamasligi mumkin.
Ma’ruzada qayd etilishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bolaga familiya ota yoki boboning ismi asosida berilishi mumkin. Shu sababli, Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgarishlar kiritilmoqda. Mamatkarimovning so‘zlariga ko‘ra, “elektron arxiv”, “arxiv hujjatlarining elektron nusxasi” kabi tushunchalar kiritilib, ularga ta’rif berilmoqda. Shuningdek, elektron arxivni tashkil etish tartibi, elektron nusxani asl nusxa o‘rnida tan olish, arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish, idoraviy hamda nodavlat arxivlarni tashkil etish tartibi va shartlari belgilanmoqda.
Shuningdek, Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda hamda Vazirlar Mahkamasi, “O‘zarxiv” agentligi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, Yagona milliy arxiv axborot tizimi va unga ma’lumotlarni kiritish hamda davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar o‘zining elektron arxiv axborot tizimlarini ushbu axborot tizimiga o‘zaro integratsiya qilishi bilan bog‘liq normalar kiritilmoqda.
Senatorlar qonunni ma’qullab, imzolash uchun prezidentga yubordi.

