O‘zbekistonda bir oylik harbiy xizmat narxi oshdi

O‘zbekistonda bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov oshdi
O‘zbekistonda safarbarlik chaqiruv rezervi, ya’ni bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov badali 7 foizga ko‘tarildi. Bunga mehnatga eng kam haq to‘lash miqdorining oshirilgani sabab bo‘ldi.
2026-yil 1-sentyabrdan respublikada mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘mdan 1 mln 360 ming so‘mga, ya’ni 7 foizga oshirildi. Bir oylik harbiy xizmat to‘lovi ushbu qiymatning 7 barobari etib belgilangan. Shunga ko‘ra, 2025-yil avgustdan 2026-yil avgustgacha 8 mln 897 ming so‘m bo‘lgan to‘lov sentyabrdan 9 mln 520 ming so‘mga chiqdi.
O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi farmoni bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi to‘lovi miqdori eng kam oylik ish haqining 27,5 barobaridan, ya’ni 4 mln 736 ming 600 so‘mdan 20 barobariga, ya’ni 3 mln 444 ming 800 so‘mga kamaytirilgan edi. 2019-yil 1-sentyabrdan mamlakatda ish haqining eng kam miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori hisoblash mexanizmi joriy etildi. Mazkur qiymat oshib borgani sari safarbarlik chaqiruv rezervi badallari quyidagicha o‘zgargan:
2019-yil — 4 mln 40 ming so‘m;
2020-yil — 4 mln 755 ming so‘m;
2021-yil — 5 mln 754 ming so‘m;
2022-yil — 6 mln 440 ming so‘m;
2023-yil — 6 mln 860 ming so‘m;
2024-yil — 8 mln 85 ming so‘m.
Safarbarlik chaqiruv rezervi safiga qabul qilinganlardan pul badallari biryo‘la yoki bir yil davomida bo‘lib to‘lash orqali olinadi. Ushbu mablag‘lar Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisobraqamida jamlanadi. Pullar muddatli harbiy xizmatchilarga nafaqa to‘lash, vazirlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari ta’minotiga yo‘naltiriladi.
Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadi. Ular xizmatni o‘tash davrida oylik harbiy yig‘inlarga, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekistonga qarshi qurolli tajovuz ro‘y bergan taqdirda haqiqiy harbiy xizmatga jalb qilinishi mumkin.

