Mahalliy

O‘zbekistonda ayrim shaxslarga 1-oktyabrdan shaharlararo transportda yurish uchun imtiyozli chiptalar beriladi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab ayrim toifadagi fuqarolar shaharlararo transportda imtiyozli chiptalardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.

Urush nogironlari va ishtirokchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi avariya oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan fuqarolar havo, temir yo‘l va shaharlararo avtobus transportida bepul yoki 50 foiz chegirma bilan chipta olishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu imtiyozli chiptalar "Uzbekistan Airways" va boshqa mahalliy aviakompaniyalar, "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning vakolatli bo‘linmalari, shuningdek, avtovokzal va avtostansiyalar tomonidan rasmiylashtiriladi. Chiptalar Ijtimoiy himoya milliy agentligining "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida beriladi.

Fuqarolardan faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat – ID-karta yoki biometrik pasport talab etiladi. Aviatransportda ekonom tarifdagi, temir yo‘lda esa ekonom, platskart yoki kupe joylari uchun chiptalar taqdim etiladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar ushbu chiptalarni "Ijtimoiy karta" mobil ilovasi – "Baraka" orqali ham bepul yoki imtiyozli shartlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Imtiyozli transport xizmatlari uchun xarajatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Pensiya jamg‘armasi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlarni Raqamli hukumat orqali agentlikka muntazam ravishda taqdim etib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda transport xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan qariyb 50 ming nafar shaxsga jami 4,3 milliard so‘mlik imtiyozli yo‘l chiptalari berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish va to‘liq raqamlashtirish masalalari ham muhokama qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.