O‘zbekistonda AESda radiatsiyaviy avariya yuz berganda harakat qilish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasida (AES) radiatsiyaviy avariya yuzaga kelganda yoki uning xavfi paydo bo‘lganda amalga oshiriladigan harakatlar tartibi belgilandi. Bu tartib avariya holatini e’lon qilish, tezkor axborot almashish va shoshilinch yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.
Hujjatga ko‘ra, AESda ikki turdagi rejim joriy etilishi mumkin: "Avariyaviy tayyorgarlik" va "Avariyaviy holat". "Avariyaviy tayyorgarlik" rejimi radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud bo‘lganda e’lon qilinadi. "Avariyaviy holat" rejimi esa avariya sodir bo‘lganda uning tarqalishini oldini olish, oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish maqsadida joriy etiladi.
"Avariyaviy tayyorgarlik" rejimi, jumladan, AESning xavfsiz ishlash shartlari buzilganda, radiatsiya darajasi belgilangan mezonlarga yetganda yoki oshganda, shuningdek, zilzila, portlash, yong‘in va suv bosishi kabi hodisalar stansiyaning xavfsizlik tizimlariga ta’sir qilganda e’lon qilinadi. "Avariyaviy holat" rejimi esa radiatsiya darajasi avariya uchun belgilangan chegaraga yetganda yoki undan oshganda, shuningdek, og‘ir avariyani boshqarish bo‘yicha qaror qabul qilinganda joriy etiladi.
Ushbu rejimlarni e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs qabul qiladi. Agar ular bilan aloqa o‘rnatish imkoni bo‘lmasa, bu vakolat stansiya smenasi boshlig‘iga beriladi. Rejim e’lon qilinishi bilan bir vaqtda xodimlarni himoya qilish bo‘yicha tadbirlar rejasi ham ishga tushiriladi.
Avariya yoki uning xavfi haqida tegishli davlat organlariga zudlik bilan yozma yoki elektron shaklda ma’lumot berilishi shart. Rejim amal qilayotgan davrda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot har 12 soatda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Atom energiyasi agentligiga radiatsiyaviy vaziyat, AES xavfsizligi va ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot taqdim etib boradi.
Shuningdek, AESda ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtablari tashkil etiladi. Ichki shtab stansiya hududidagi himoyalangan boshqaruv punktida, tashqi shtab esa AES hududidan tashqaridagi xavfsiz joyda faoliyat yuritadi.
AESda avariyaga qarshi obyekt miqyosidagi o‘quv mashqlari yiliga kamida bir marta o‘tkazilishi shart. Mashqlar yakunida aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari, muddatlari va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan dalolatnoma tuziladi. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Xorazm viloyatida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ma’lum qilgan.
Hozircha ikkinchi AES qurilishi rejalashtirilgan joy, uning quvvati va loyihani amalga oshirish muddatlari ochiqlangani yo‘q. 2025-yil dekabrida "O‘zatom" rahbari Azim Ahmedxo‘jayev ikkinchi yirik quvvatli AES qurilishi ehtimolini bildirgan, biroq o‘sha paytda uni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar mavjud emasligini ta’kidlagandi.

