Mahalliy

O‘zbekistonda 21−27-sentabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda yangi hafta quruq va iliq o‘tishi, harorat +32…+37 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Payshanba kunidan antitsiklon kirib kelishi sababli kunduzi havo +30 darajagacha pasayadi. Hafta o‘rtasida kuchli geomagnit bo‘roni kuzatilishi ehtimoli bor. Gazeta sharhi.

O‘zbekistonda 21−27-sentabr kunlari ob-havo qanday kechadi? Gazeta sharhi

Haftaning ish kunlarida janubiy viloyatlar hamda Buxoro va Navoiy viloyatlaridan tashqari hududlarda havo harorati eng ko‘pi bilan +32 darajagacha ko‘tariladi. Bu holat hududda ustun bo‘lishi kutilayotgan issiq havo oqimi bilan bog‘liq.

Payshanbadan boshlab shimolga, jumadan esa boshqa hududlarga kirib keladigan antitsiklon chekkasi ayrim joylarda haroratni avvalgi kunlarga nisbatan 2−3 darajaga pasaytiradi. Hafta boshida vodiyning ayrim hududlari va tog‘larni hisobga olmaganda, joriy hafta ham quruq o‘tishi prognoz qilinmoqda.

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 21−25-sentabr kunlari O‘zbekistonning juda katta qismida issiq havo oqimi ta’siri sabab o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 2−4 daraja yuqori bo‘ladi.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognoziga ko‘ra, dushanba kuni respublikaning tog‘li hududlari va vodiyning ayrim joylarida, seshanba-payshanba kunlari esa tog‘li hududlarni hisobga olmaganda, hafta davomida respublikada yog‘ingarchilik bo‘lmasligi kutilmoqda. Quyidagi prognoz xaritasida hafta davomida joylarda kutilayotgan umumiy yog‘ingarchilik aks etgan.

Haftaning ish kunlarida tog‘li hududlarda tungi va tonggi paytlarda +10…15 daraja, boshqa viloyatlarda +13…+18 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi vaqtlarda hafta boshida tog‘larda +20…+25 daraja, Buxoro, Navoiy va janub viloyatlarida +35…+37 darajagacha, boshqa viloyatlarda esa +33 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda.

Payshanba kuni shimolda kunduzgi harorat nari borsa +30 darajagacha tushadi, juma kunidan boshlab esa janub viloyatlaridan tashqari boshqa hududlarda ham kunduzgi harorat +30 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Dam olish kunlarida havo harorati yana pasayadi.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati shu davrga xos me’yordan 1−3 daraja, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda 3−6 daraja yuqori bo‘ladi, yog‘ingarchilik miqdori esa Farg‘ona viloyati janubiy tumanlaridan tashqari boshqa qismlarda me’yordan ancha kam bo‘ladi.

Demak, hafta kunlari biroz issiqroq boshlansa, dam olish kunlarida sezilarli salqin kuzni his qilish mumkin.

Juma va dam olish kunlari respublika bo‘ylab antitsiklon ta’sirida havo haroratining pasayishi va havoda namlikning ortishi, buning ustiga Toshkent va vodiy viloyatlari kabi aholisi zich yashaydigan hududlarda shamolsiz omil havoda mayda chang zarrachalarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Nafas olish kasalliklari va allergik qo‘zg‘alishlarga moyil insonlar uchun bunday ob-havo biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Shu bilan birga, bu holat astma va bronxial kasalliklari borlarda simptomlarni kuchaytirishi, yo‘tal chaqirishi, tomoq va ko‘zni qichishtirishi, nafas qisishiga sabab bo‘lishi, yurak-qon tomir kasalliklari borlarda esa yuklamani oshirishi mumkin.

Ish kunlarida kunduzgi iliq va nisbatan quruq havo aksar hududlarda aholi uchun qulay sharoit yaratadi. Dam olish kunlarida esa, ayniqsa, kechasi va tongda haroratning pasayishi seziladi.

Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlar bu hafta o‘rtalarida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘roni ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Xususan, chorshanba kuni “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘roni xavfi mavjud. Ish haftasining boshqa kunlari uchun asosan “sariq” darajadagi magnit bo‘roni prognoz qilinmoqda. Magnit bo‘ronining kishilar salomatligiga ta’siri haqida fanda hanuz aniq xulosalar yo‘q. Shuning uchun bunday kosmik ta’sir kishilar salomatligiga aniq ta’sir etadi, deyish noto‘g‘ri.

O‘zgidromet agentligi hafta davomida kuchli shamollar bo‘lishini kutmayapti. Jumadan antitsiklon ta’sirida shamolning susayishi va atmosferaning turg‘unlashishi ayrim hududlarda, ayniqsa Toshkent va vodiyda havo sifatining vaqtincha yomonlashishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Havoda chang zarrachalarining keskin ortishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.

Shunday qilib, 21−27-sentabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo deyarli bir maromda barqaror qoladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.