O‘zbekistonda 2040-yilgacha transport-logistika markazlari yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekistonda tegishli talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi. Markazlar uchun kerakli ishlab chiqarilmaydigan kerakli jihozlar 2029-yil 1-avgustgacha bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.

O‘zbekistonda 2040-yilgacha transport-logistika markazlari yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi
O‘zbekiston prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-368-son] qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026−2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi hamda ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.
2040-yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi. Buning uchun markaz ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan, tizimlarni joriy etgan va “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi shart.
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029-yil 1-avgustgacha ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 31-dekabrgacha M2, M3, N toifadagi transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lamasdan import qilishi mumkin.

