Mahalliy

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi energetika quvvati yaratiladi

Natijada yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 129 milliard kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiyaning umumiy

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi energetika quvvati yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda 2030-yilgacha mamlakatda 22 ming megavatt yangi energetika quvvatini yaratish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Shu natijada yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 129 milliard kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiyaning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi esa 54 foizga yetadi.

Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasiga 35 milliard dollar investitsiya kiritilganini ta’kidladi. Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiya ulushi 31 foizga yetgan, «yashil» energetika quvvatlari esa 11,1 gigavattni tashkil etmoqda.

Ochiq muloqot davomida umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik 6 ta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.

Prezident yangi energetika loyihalari ochiq raqobat va shaffof shartlar asosida amalga oshirilishini ta’kidladi.

«Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda yaqin vaqt ichida umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan 6 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi.

Shuningdek, birinchi marta energetika sohasining 2050-yilgacha mo‘ljallangan Milliy bosh rejasi ishlab chiqiladi. 2027-yil 1-martgacha elektr tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulga qadar esa to‘liq bosh reja e’lon qilinadi.

«Yashil» energiya ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlar va karbon kreditlar orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari ham yaratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.