O‘zbekistonda 2027-yildan “Yashil lot” tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2027-yildan “Yashil lot” tizimi joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda “Yashil lot” tizimi ishga tushiriladi. Unga muvofiq, mavjud yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida yashil bog‘lar barpo etish uchun ajratish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentning “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirishga oid farmonida qayd etilishicha, Ekologiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yer uchastkalarini yashil bog‘ tashkil etish uchun ajratish vakolati beriladi.
Bunda ajratilgan hududlardan faqat belgilangan maqsadda foydalaniladi. Yerlar jismoniy yoki yuridik shaxslar mulkiga o‘tkazilmaydi. Ularda qurilish qilish, turli konstruksiyalar o‘rnatish va boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Shuningdek, bunday hududlardan aholining umumiy foydalanishi cheklanmaydi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil kuz mavsumidan yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar oralig‘ida, maktab va bog‘chalar hovlilarida mahalla mikroo‘rmonlari tashkil etiladi. Buning uchun 200–1 000 kvadrat metr maydonda har bir kvadrat metrga kamida 2 tadan daraxt va buta ko‘chati zich ekish usulida ekiladi.
Yer ajratish imkoniyati bo‘lmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda esa jamoat kichik bog‘lari barpo etiladi. Bunda mahalliy hokimliklar va homiylar yirik ko‘chat tuvaklarini o‘rnatadi, O‘rmon agentligi sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlaydi, mahallalar esa fuqarolar ishtirokida ekish va parvarishlash ishlarini tashkil etadi.
Ushbu hujjatga asosan, O‘zbekistonda 1-oktyabrdan “Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi ham o‘tkaziladi. 2027-yil 1-yanvardan esa “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi.

