O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududlarni almashish bo‘yicha keyingi qadamlarni kelishib oldi
Almashiladigan hududlar aholisining fuqaroligi, ko‘chirishni tashkil etish, fuqarolarning mulkiy huquqlarini rasmiylashtirish, yerdan foydalanish va aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma ishchi guruh tuzildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududlarni o‘zaro almashtirish bo‘yicha navbatdagi bosqichlarni kelishib oldilar.
Botken viloyatining Qadamjoy tumanida Qirg‘iziston va O‘zbekistonning qo‘shma ishchi komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yer maydonlarini almashishning tashkiliy-texnik jihatlari muhokama qilindi.
Qirg‘iziston delegatsiyasiga mehnat vazirining birinchi o‘rinbosari Qamchibek Dosmatov, O‘zbekiston delegatsiyasiga esa ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev rahbarlik qildi.
Tomonlar avvalgi kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, almashiladigan hududlar aholisining fuqaroligi, ularni ko‘chirish, mulkiy-xo‘jalik va boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Yig‘ilish yakunida ikki davlatning tegishli vazirliklari, idoralari va mahalliy hokimiyat organlari vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Ushbu guruh almashiladigan hududlar aholisining fuqaroligi, ko‘chirishni tashkil etish, davlat mulki ob’yektlarini qabul qilish va topshirish, fuqarolarning mulkiy huquqlarini rasmiylashtirish, yerdan foydalanish va aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, mazkur hududlar aholisi uchun ta’lim jarayonining uzluksizligi ta’minlanadi.
Guruh vakillari almashiladigan hududlarga borib, amalga oshirilgan ishlar va natijalar haqida komissiya hamraislariga muntazam ravishda axborot berib boradi.

