O‘zbekiston va Polsha kasbiy ta’lim bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Polsha kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bu haqda “Dunyo” agentligi ma’lum qildi.
O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Kasbiy ta’lim agentligi hamda Polshaning Techni Schools ta’lim muassasasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda texnikumlarni rivojlantirish, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, xalqaro sertifikatlash, ta’limda axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Techni Schools rahbari O‘zbekistondagi texnikum va kollejlar bilan hamkorlikda pilot loyihalarni ishga tushirishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida Polsha ta’lim muassasasining ilg‘or tajribasini O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorligiga nomzodlardan menejerlik sertifikati talab etiladi. Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qaroriga ko‘ra, direktorlar va direktor o‘rinbosarlari 144 soatlik menejerlik kurslarida o‘qib, yakuniy sinovdan o‘tishi kerak. 70 va undan yuqori ball to‘plaganlarga elektron shaklda 5 yil muddatga sertifikat beriladi.

