O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolariga pensiya tayinlashda ish staji o‘zaro hisobga olinadi

O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolari uchun pensiya tayinlashda ish staji o‘zaro hisobga olinadi. Bu haqda 23-avgust kuni ikki davlat o‘rtasida imzolangan pensiya ta’minoti sohasidagi bitimda ko‘zda tutilgan. Pensiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, ushbu hujjat ikki mamlakatda mehnat faoliyatini olib borgan fuqarolarning pensiya huquqlarini kafolatlashga qaratilgan.
**Ikki davlatda orttirilgan ish stajlarini hisobga olish**
Bitimga muvofiq, fuqaroning O‘zbekiston va Ozarbayjonda to‘plagan ish staji pensiya huquqini aniqlashda inobatga olinadi. Agar bir davlatdagi ish staji pensiya olish huquqini berish uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi davlatda orttirilgan tegishli staj ham qo‘shib hisoblanishi mumkin. Bunday holatlarda har bir davlat o‘z hududida to‘plangan ish stajiga mutanosib ravishda pensiya tayinlaydi va uning miqdorini hisoblaydi.
**Ko‘chib o‘tganda pensiya huquqining saqlanishi**
Tayinlangan pensiya fuqaroning boshqa tomon yoki uchinchi davlat hududida yashashi sababli kamaytirilmaydi, to‘xtatib turilmaydi yoki bekor qilinmaydi. Fuqaroning arizasiga binoan pensiya uni tayinlagan davlatda to‘lanishi yoki ikkinchi davlat hududiga o‘tkazilishi mumkin.
**Fuqarolarning murojaat qilish tartibi soddalashtiriladi**
Pensiya tayinlash, qayta hisoblash, to‘lash yoki qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq murojaatni fuqaro o‘zi yashayotgan davlatdagi tegishli muassasaga berishi mumkin. Bitimda nazarda tutilgan hollarda bunday murojaat ikkinchi davlatga ham berilgan deb hisoblanadi, zarur ma’lumot va hujjatlar esa ikki davlatning vakolatli muassasalari o‘rtasida yuboriladi.
**Pensiya organlari to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi**
O‘zbekiston va Ozarbayjonning vakolatli organlari va tegishli muassasalari pensiya tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri axborot almashadi va o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatadi. Bu fuqarolar uchun ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va pensiya masalalarini tezkor hal etishga xizmat qiladi.
Pensiya jamg‘armasi axborotida qayd etilishicha, bitim tegishli tartib-taomillari yakunlangandan keyin kuchga kiradi. Uni amalda qo‘llashning tashkiliy va texnik tartiblari tomonlar o‘rtasidagi alohida ma’muriy kelishuv asosida belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yangi qo‘shma loyihalarga start berildi va Ozarbayjonning yetakchi banki — ABB O‘zbekiston bozoriga kirgani ma’lum qilindi.

