Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida davlat xaridlarini raqamlashtirish, sanoat va texnologik kooperatsiyani rivojlantirish, Koreya texnologiyalari va kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish hamda ilmiy-ta’lim hamkorligini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi davlat xaridlari hamda sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kengaytirmoqda

2026 yil 27–30 sentyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi. Safarning asosiy maqsadi Koreya Respublikasining davlat xaridlari, sanoat kooperatsiyasi va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, shuningdek, Koreya texnologiyalari, kompaniyalari va ilmiy salohiyatini O‘zbekistonga jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvlarda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ekspertlari qatnashdi.

Koreya tomonidan tadbirlarda Koreya Respublikasi Davlat xaridlari xizmati (PPS), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi (KOTRA), yetakchi Koreya kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvlar chog‘ida Koreya tomoniga O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, sanoatni rivojlantirish, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va xorijiy investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston–Koreya muloqoti doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar hamda Koreya texnologiyalari, ekspert salohiyati va kompaniyalarini O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga jalb etish orqali ularni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tejon shahrida PPS bilan o‘tkazilgan uchrashuv doirasida Koreya Respublikasining KONEPS elektron davlat xaridlari tizimi faoliyati o‘rganildi. Tomonlar KONEPS elektron tizimining ayrim vositalarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Koreya yechimlarini milliy davlat xaridlari tizimiga moslashtirish mexanizmlarini yanada ishlab chiqish yuzasidan tajriba almashildi.

KOICA agentligi vakillari bilan uchrashuvda davlat xaridlarini raqamlashtirish sohasida texnik ko‘makni jalb qilish, Koreya ekspertlari bilan hamkorlik qilish va mutaxassislar uchun o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

KOTRA agentligida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, Koreya kompaniyalari va investorlarini jalb qilish, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda B2B hamkorligi va texnologik sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat va texnologik kooperatsiya sohasida Koreyaning qator yetakchi kompaniyalari bilan aniq hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Eunsung Telecom korxonasiga tashrif davomida ishlab chiqarish jarayonlari va texnologik imkoniyatlar o‘rganildi. O‘zbekistonda SMT - sirtga montaj qilish texnologiyalari asosida PCB - bosma elektron platalar ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Roboblock System rahbariyati bilan ta’lim va sanoat sohalarida qo‘llaniladigan dronlar va robototexnika texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etish, tegishli mutaxassislarni tayyorlash va keyinchalik ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BL Science kompaniyasi vakillari bilan zamonaviy tibbiy diagnostika yechimlari, jumladan, kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan test tizimlari sohasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ilmiy va ta’lim sohasida Korea Elevator University (KEU), Electronics and Telecommunications Research Institute (ETRI) hamda Korea Advanced Institute of Science and Technology (KAIST) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ilmiy-ta’lim va texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Koreya biznesi vakillari O‘zbekistonda turli sohalarda o‘z faoliyatini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.