O‘zbekiston va Janubiy Koreya sanoat-texnologik alyans tuzishi mumkin

O‘zbekiston va Janubiy Koreya sanoat-texnologik alyans tuzishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev hamda Janubiy Koreya bosh vaziri Han Song Suk qo‘shma biznes forumining ochilish marosimida qatnashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda ikki davlatning davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari vakillaridan 300 nafardan ziyod kishi, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Xususan, Koreya tomonidan Lotte Chemical, Hyundai Motor Group, Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, Kind, Bomi, Kia Corporation, Sampyo Group, Hansae Mobility kabi yirik kompaniyalar qatnashdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida Koreya O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik esa O‘zbekiston – Koreya ko‘p qirrali aloqalarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Yetakchi koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga sezilarli hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi.
Bugun O‘zbekiston industrial va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqmoqda. Shu sababli o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Mamlakat yetakchisi O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratishni taklif etdi.
Prezident kelgusida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasi, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratildi.
Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika hamda biotexnologiya sohalaridagi loyihalarga taklif etildi.
Shu bilan birga, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif qilindi.
Sanoat-texnologik hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etildi.
Prezident mamlakatda koreys biznesi faoliyati uchun kelgusida qulay shart-sharoitlar yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

