O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi 1,1 mlrd yevrolik 11 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi 1,1 mlrd yevrolik 11 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda
25-sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvda 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, energetik o‘tish va dekarbonizatsiya, suv ta‘minoti, qishloq xo‘jaligi, shaharlarning barqaror rivojlanishi, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Maslahatlashuvlarda umumiy taxminiy qiymati 1,125 mlrd yevro bo‘lgan 11 ta loyihadan iborat indikativ portfel taqdim etildi. U energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi, “yashil” iqtisodiyot hamda nosuveren moliyalashtirishni kengaytirishni qamrab oladi.
Yirik tashabbuslar orasida Toshkent—Samarqand temir yo‘l liniyasini reabilitatsiya qilish va Toshkent jamoat transportini rivojlantirish bor.
Shuningdek, tomonlar Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi ta‘minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, Qoraqalpog‘istondagi “Suyenli” kanalini rekonstruksiya qilish, Orolbo‘yi hududidagi loyihalarni amalga oshirish va issiqlik tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ishlarni tezlashtirish niyatida.
Ayni paytda O‘zbekiston va AFD hamkorligida umumiy qiymati 604,2 mln yevro bo‘lgan to‘qqizta loyiha tayyorlanmoqda.
AFD tomonidan 2015-yildan beri O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 1,6 mlrd yevro bo‘lgan 17 ta loyiha ma‘qullangan. Amaldagi portfel esa energetika, suv ta‘minoti va sanitariya, chorvachilik, raqamlashtirish, moliya sektori va boshqa yo‘nalishlardagi 1,29 mlrd yevrolik 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi.
O‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi qariyb 1 mlrd yevroga yoki imzolangan bitimlar umumiy qiymatining 78 foiziga yetdi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va Fransiya hukumati bilan birgalikda 55 mln yevrodan ortiq grant mablag‘lari jalb qilingan.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar maslahatlashuvlar bayonnomasida mustahkamlandi va qo‘shma monitoringga olindi. Navbatdagi maslahatlashuvlarni Fransiyada o‘tkazish rejalashtirilgan.

