O‘zbekiston va Chong Kun Dang hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Koreyada Chong Kun Dang bilan farmatsevtika, biosimilyarlar, texnologiyalar transferi va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida Chong Kun Dang Pharmaceutical Corp. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi ma’lum qildi. Delegatsiya tarkibida mazkur agentlik hamda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bor edi.
Muzokaralar davomida tomonlar Koreyaning farmatsevtika sohasidagi tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish va birgalikda loyihalar amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Chong Kun Dang vakillari o‘z kompaniyasining dori vositalarini ishlab chiqarish va yangi preparatlarni yaratish borasidagi tajribasini taqdim etdi. Xususan, biologik preparatlar va biosimilyarlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi kompaniyaning zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, GMP talablariga muvofiq sifat nazorati tizimi va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishdi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Koreyaning ilg‘or amaliyotlarini O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga joriy etish bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar biofarmatsevtika sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari biofarmatsevtika sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Muhokama qilingan yo‘nalishlar qatorida texnologiyalar transferi hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun istiqbolli sohalarni belgilash masalalari ham bo‘ldi.

