O‘zbekiston Superligasi ilk bor xorijda namoyish etiladi

O‘zbekiston Superligasi o‘yinlari birinchi marta xorijda namoyish etiladi. Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi ishtirokidagi Superliga uchrashuvlari endilikda Iroqda ham ko‘rsatiladi. Iroqning Al Rabia Sports telekanali “Paxtakor”ning chempionat o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Manbaga ko‘ra, “Paxtakor”ning o‘yinlari Iroq hududida eksklyuziv tarzda namoyish etiladi. Translyatsiyalar “Nasaf”ga qarshi Superliga bahsidan boshlandi.
Iroq ommaviy axborot vositalarida bu qaror “Paxtakor” tarkibida Iroq terma jamoasi futbolchilari Ayman Husayn, Bashar Resan va Zayd Tahsin o‘ynayotgani bilan bog‘lanmoqda. Shu sababli Toshkent klubining uchrashuvlariga iroqlik futbol muxlislarining qiziqishi ortgani qayd etilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozircha Al Rabia Sports telekanali tomonidan aynan O‘zbekiston Superligasidagi “Paxtakor” uchrashuvlarini namoyish etish tasdiqlangan. O‘zbekiston Kubogi bahslari ham ushbu translyatsiya paketiga kirishi borasida aniq ma’lumot e’lon qilinmagan.

