Mahalliy

O‘zbekiston Skoda’dan 10 ta elektropoyezd sotib olyapti: ular qaysi yo‘nalishlarda qatnaydi?

O‘zbekiston Skoda’dan 10 ta elektropoyezd sotib olmoqda: ular qaysi yo‘nalishlarda qatnaydi?

O‘zbekistonda shahar atrofi temiryo‘l transporti parkini yangilash maqsadida Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Gap SKODA 25Ev rusumidagi elektropoyezdlar haqida ketmoqda. Ular eskirgan ER9E seriyasidagi tarkiblarni almashtirishi ko‘zda tutilgan. Yangi poyezdlar 432 ta o‘rindiqqa mo‘ljallangan bo‘lib, to‘rt vagonli ER9E tarkibida bu ko‘rsatkich qariyb 240 tani tashkil etadi.

Yangi elektropoyezdlarda konditsioner tizimi, USB portlari, LED axborot ekranlari, videokuzatuv va avtomatik yong‘in signalizatsiyasi bo‘ladi. Harakatlanishi cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar va yechib olinadigan pandus ham nazarda tutilgan.

Poyezdlar energiya tejamkorligi bilan ham ajralib turadi. Rekuperativ tormozlash tizimi orqali tormozlanish vaqtida hosil bo‘ladigan energiyaning bir qismi kontakt tarmog‘iga qaytariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu elektr energiyasi sarfini 24–27 foizga kamaytirishi mumkin.

Shuningdek, tezroq tezlanish va tormozlanish hisobiga bekatlar soni ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlarda safar vaqti 10–15 foizga qisqarishi kutilmoqda. Bu mavjud infratuzilmani keng ko‘lamda rekonstruksiya qilmasdan poyezdlar qatnovi chastotasini oshirish imkonini berishi mumkin.

Yangi elektropoyezdlarni quyidagi yo‘nalishlarda ishga tushirish rejalashtirilmoqda:

Toshkent—Chirchiq—Chinorkent;

Toshkent—Yangiyo‘l—Chinoz—Sirdaryo—Guliston — Yangiyer — Xovos—Bekobod;

Toshkent—Nurafshon—Ohangaron—Angren;

Toshkent—Keles;

Qo‘qon—Pop—Namangan—Andijon—Marg‘ilon (halqa yo‘nalishi);

Samarqand—Buxoro;

Samarqand—Qarshi—Shahrisabz.

Yangi elektropoyezdlarni xarid qilish elektr temiryo‘l transportini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda 182 kilometr temiryo‘lni elektrlashtirish va 151 kilometr yangi temiryo‘l liniyalarini qurish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.

Chexiyaning Skoda Group kompaniyasi may oyida O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha strategik bitim imzolaganini ma’lum qilgandi. Bitim Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev, Abdulla Aripov va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ishtirokida imzolangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.