O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob o‘simlik – Bezchali zo‘rcha haqida eshitganmisiz?
Bezchali zo‘rcha Shimoli-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos bo‘lgan, tarqalish hududi cheklangan kamyob endemik o‘simlik turidir. O‘zbekistonda Nurota

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob o‘simlik – Bezchali zo‘rcha haqida eshitganmisiz?
Bezchali zo‘rcha Shimoli-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos bo‘lgan, tarqalish hududi tor va cheklangan kamyob endemik o‘simlik turidir. O‘zbekistonda u Nurota va Molguzar tog‘ tizmalarida, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari hududlarida uchraydi.
Bu o‘simlik bo‘yi 30–50 santimetrgacha yetadigan ko‘p yillik o‘t o‘simlik hisoblanadi. Poyalari bir nechta bo‘lib, asosiga yaqin qismi qattiq va yog‘ochsimon tuzilishga ega. Barglari nashtarsimon, uzunligi 3–6 santimetr, eni 10–12 millimetr atrofida bo‘ladi. Gullari yirik, shoxchalarining uchida bittadan joylashadi. Gultoji oqish-pushti rangda bo‘lib, chuqur ikki bo‘lakka ajralgan. Mevasi esa ko‘sak shaklida bo‘ladi.
Bezchali zo‘rcha tog‘larning o‘rta qismlaridagi mayda shag‘alli shimoliy yonbag‘irlarda, asosan, butazorlar orasida o‘sadi. U urug‘idan ko‘payadi. Aprel-iyun oylarida gullaydi va shu davrda mevasi ham yetiladi. Tabiatda kam uchraydi, yakka holda yoki kichik guruhlar ko‘rinishida topiladi.
Ushbu turning soni chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi hamda tabiiy yashash muhitiga salbiy ta’sirlar oqibatida kamaygan deb taxmin qilinadi. Hozirda Bezchali zo‘rcha Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi.
Bezchali zo‘rcha va boshqa noyob o‘simlik turlarini nobud qilish yoki ularning tabiiy yashash muhitiga zarar yetkazish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

