O‘zbekiston Qirg‘iziston qoramolining asosiy xaridoriga aylandi

Qirg‘iziston 2026-yilning yanvar—iyun oylarida jami 3 million 284,1 ming dollarlik tirik hayvonlarni eksport qildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eksportning asosiy qismini qoramollar tashkil etdi. Olti oy davomida xorijga 3 million 195,8 ming dollarlik 14 823 bosh qoramol sotildi. Bunda asosiy xaridor sifatida O‘zbekiston qayd etildi.
Soni bo‘yicha qoramol yetkazib berish hajmi 2025-yilning yanvar—iyun oylariga nisbatan 32 foizga oshdi. Shuningdek, xorijga 84,8 ming dollarlik 194 bosh ot sotildi. Uning hajmi 27,6 foizga ko‘paydi.
Tirik parranda eksporti 5600 taga va qiymati 3500 dollargacha kamaydi. Bu 2025-yilgi darajadan 24,1 foizga kam. Yilning birinchi yarmida qo‘y va echkilar xorijga sotilmadi.
O‘zbekiston importyorlar orasida absolyut yetakchiga aylandi. Mamlakat Qirg‘izistondan eksport qilingan chorva molining deyarli barchasini sotib oldi.
Ayni paytda, 2026-yilning dastlabki olti oyida Qirg‘izistonga tirik hayvonlar importi 4 million 439,5 ming dollarga yetdi. Eng katta ulush tirik parrandalarga to‘g‘ri keldi: 1 million 521,9 ming dollarlik 915 169 bosh tirik parranda keltirildi.
2025-yilning yanvar—iyun oylari bilan solishtirganda, parranda importi hajmi pul hisobida 39,2 foizga oshdi. Qoramol importi 1 million 218,5 ming dollarga 5 285 boshni tashkil etdi. Bu son jihatdan 2025-yilgi ko‘rsatkichning 37,5 foiziga teng.
Ot xaridi esa jami 1 million 62,4 ming dollarga 1123 boshni tashkil qildi. Uning hajmi 37,6 foizga kamaydi. Tirik cho‘chqalar importi son jihatdan 2,36 baravarga oshdi. Jami 636,7 ming dollarlik 3 464 bosh cho‘chqa keltirildi.
2026-yilning yanvar—iyun oylari yakunlariga ko‘ra, tirik hayvonlar tashqi savdosida 1 million 155,4 ming dollarlik salbiy saldo (kamomad) qayd etildi. Import eksportdan 35,2 foizga oshib ketdi.
Kamomadning asosiy omillari Rossiya, Yevropa va Qozog‘istondan nasldor parranda, ot va nasldor qoramollarning ko‘p miqdorda sotib olingani bo‘ldi. Shuningdek, Qirg‘izistonning o‘zida qoramol eksportiga qo‘yilgan cheklovlar ham bunga ta’sir qildi.
Avvalroq iyul oyida Oʻzbekistonga mol goʻshti importi 25 foizga oshgani haqida xabar berilgandi . Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatga 2026-yil iyul oyida 90,1 ming tonna qoramol goʻshti import qilingan. Mazkur koʻrsatkich iyundagiga nisbatan qariyb 18 ming tonnaga yoki 25 foizga koʻp.

