O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 79 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 79 yoshida hayotdan ko‘z yumdi
O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 23-sentabr kuni 79 yoshida vafot etdi.
Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev butun umrini va faoliyatini qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga bag‘ishlagan taniqli fermerning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
“Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining yorqin namoyandasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson Parda Ziyatovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi prezidentdan tashqari T. Norboyeva, N. Ismoilov, A. Aripov, S. Turdiyev, I. Abdurahmonov, U. Mustafoyev tomonidan bildirilgan hamdardlikda.
U 1947-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (sobiq Jizzax) tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlab, Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Harbiy xizmatdan qaytgach, mehnat faoliyatini tumandagi Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlagan. Keyinchalik shu xo‘jalikda brigada boshlig‘i, shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi kabi lavozimlarda ishlagan. 2003–2018-yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. Paxtachilik va g‘allachilikda o‘z tajriba maktabini yaratgan.
1990–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi hamda ko‘p yillar davomida Xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritgan.
Parda Ziyatov ko‘p yillik samarali mehnati uchun O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan.
Shu yilning iyunida yana bir O‘zbekiston Qahramoni — yozuvchi, adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov vafot etgandi. Shavkat Mirziyoyev milliy adabiyot va madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adabiyotshunos olim vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgandi.

