O‘zbekiston Para Osiyo o‘yinlarining to‘rtinchi kunida 30 ta medalni qo‘lga kiritdi
Yaponiyada o‘tayotgan Para Osiyo o‘yinlarining to‘rtinchi kunida O‘zbekiston vakillari 8 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza medaliga ega chiqdi. Delegatsiyaning umumiy ko‘rsatkichi 38 ta oltin, 41 ta kumush va 41 ta bronza — jami 120 taga yetdi va jadvalda 3-o‘rinda bormoqda.

O‘zbekiston Para Osiyo o‘yinlarining to‘rtinchi kunida 30 ta medalga ega bo‘ldi
22-oktabr kuni Aichi-Nagoyada Para Osiyo o‘yinlarining to‘rtinchi kun bellashuvlari o‘tkazildi. Shu kuni qo‘lga kiritilgan 30 ta medal — 8 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza — hisobiga O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy natijasi 38 ta oltin, 41 ta kumush va 41 ta bronza, jami 120 taga yetdi. Umumiy reytingda Xitoy va Yaponiyadan keyin 3-o‘rinda bormoqda.
Erkaklar o‘rtasida F36 klassida yadro uloqtirishda Barotjon Baxtiyorov (15,98 m) hamda F57 klassida nayza uloqtirishda Yorqinbek Odilov (50,41 m) Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida nayza uloqtirishda Shahinaxon Yigitaliyeva (F46, 44,99 m) va disk uloqtirishda Navruza Ahmadova (F41, 30,11 m) Osiyo rekordini yangilab, chempion bo‘ldi. Shuningdek, disk uloqtirishda Madina Muxtorova (F40, 25,59 m) musobaqa rekordi bilan oltin medal oldi.
Para velosportning shosse yo‘nalishida Marjona Pardaboyeva (T1−2, guruh poygasi) marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, Aichi-Nagoya-2026 o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi. Para suzishda esa Yegor Bolotov (S13, 50 m erkin, 24,39 s) va Mubinabonu Xalilova (S13, 50 m erkin, 28,04 s) oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Yadro uloqtirishda Angelina Kolesnikova (F44, 10,36 m), Mohigul Sharobidinova (F56/57, 8,46 m) va Dilafruzxon Ahmadxonova (F35, 9,05 m), nayza uloqtirishda Talantbek Qurbonov (F57, 48,81 m) hamda Xusnoraxon Qudratullayeva (F46, 41,91 m), disk uloqtirishda Kubaro Xakimova (F41, 25,05 m), uzunlikka sakrashda Sevinchbek Husanov (T12, 6,54 m) va Doston Qahhorov (T36, 5,44 m) ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, para velosportning shosse yo‘nalishida Odina Hamdamova (T1−2, 1:08:35), 100 metrga chalqancha suzishda Azizbek Boynazarov (S8, 1:07.93) va para pauerliftingda Orzigul O‘rolova (86 kg, 136 kg) kumush medalni qo‘lga kiritdi.
400 metrga yugurishda Ma’rufjon Murodulloyev (T46, 50,03 s) va Urganchbek Egamnazarov (T11, gid-yuguruvchi Sardor Baxtiyorov bilan, 52,99 s), yadro uloqtirishda Zuhro Fayzullayeva (F35, 7,57 m), Zohira Qozoqova (F37, 9,25 m) hamda Muhammad Rixsimov (F42/63, 13,77 m), disk uloqtirishda Farog‘at Muhammadqulova (F40, 21,25 m) hamda uzunlikka sakrashda Izzat Turg‘unov (T36, 5,42 m) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu bilan birga, para velosportning shosse yo‘nalishida Pokiza Ahmadbekova (H1−3) hamda Jahongir Xalilov (T1−2, 1:04:04), para pauerliftingda Ilhom Halimov (+107 kg, 223 kg) va 50 metrga erkin usulda suzishda Muslima Odilova (S13, 28,66 s) terma jamoa hisobiga bronza medallarini qo‘shdi.

