O‘zbekiston Para Osiyo o‘yinlaridagi medallari sonini 45 taga yetkazdi
Yaponiyada o‘tayotgan Ayti–Nagoya–2026 V yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ikki kun

O‘zbekiston Para Osiyo o‘yinlaridagi medallar sonini 45 taga yetkazdi
Musobaqaning 19-oktyabr kuni o‘tkazilgan dastlabki bellashuvlarida O‘zbekiston vakillari 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa delegatsiya umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
20-oktyabr kuni ham sportchilarimiz medallar jamg‘armasini to‘ldirishda davom etdi. Berilgan natijalarga ko‘ra, ular kun davomida 7 ta oltin, 7 ta kumush va 8 ta bronza — jami 22 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Oltin medallarni para velotrekda Boymurod Yavkochev, para pauerliftingda Aqidaxon Axtamova va Muslima Nuriddinova, para dzyudoda Shohrux Mamedov, Muhammad Abduqulov va Kumushxon Xodjayeva, para suzishda Dmitriy Xorlin qo‘lga kiritdi.
Ayniqsa, Aqidaxon Axtamova 55 kilogramm vazn toifasida 128 kilogramm og‘irlikni ko‘tarib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi.
Shuningdek, Asila Mirzayorova, Nasiba Toshpo‘latova, Yoqutxon Xolbekova, Azimbek Abdullayev, Yorqinbek Odilov, Turg‘un Abdiyev va Yegor Bolotov kumush medalga ega bo‘ldi.
Angelina Kolesnikova, Diyorbek Umarov, Sodiqjon Mamadiyev, Otabek Irisbekov, Zuxriddin Tohirov, Kamolaxon Rasulova, Javohir Aliqulov va Dmitriy Xorlin bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, 20-oktyabr kuni qayd etilgan natijalar qo‘shilgach, O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy medallari soni 45 taga yetdi.

