Mahalliy

O‘zbekiston muftiysi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar “Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida Misr bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano ushbu mukofotni topshirdi.

Taqdirlash marosimida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilariga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari va muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

“Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun” mukofoti Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan. Ushbu mukofot Islom ummatida moʻtadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga beriladi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bungacha ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Ular orasida Prezident farmoniga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni, Rossiya markaziy diniy idorasining “Al-I’tisom” (“Hamjihatlik”) medali, Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining “Intimak” (“Birdamlik”) medali, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi yubiley medali, Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining “Ummat oldidagi xizmatlari uchun” ordeni, Rossiya Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining “Al-Ilm” ordeni bor.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.