O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi uchrashuvi sanasi va manzili ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvi qachon va qayerda bo‘lishi aniqlandi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentyabr-oktyabr oylaridagi FIFA kunlarida Eron va Janubiy Koreya bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan o‘yin 24-sentyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa 6-oktyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi safarda maydonga tushishi avvalroq ma’lum qilingan edi.
Jahon chempionatidagi ishtirokidan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi endilikda 2027-yilgi Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Osiyo Kubogi o‘yinlari 7-yanvardan 5-fevralgacha Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Fabio Kannavaroning shogirdlari ushbu musobaqaning “B” guruhidan joy olgan bo‘lib, guruhdan chiqish uchun Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniya bilan kuch sinashadi.
Bundan tashqari, “oq bo‘rilar” Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvdan so‘ng Lionel Messi boshchiligidagi Argentina bilan ham o‘yin o‘tkazishi haqida ma’lumotlar tarqaldi.

