O‘zbekiston kompaniyalariga Suriyaga eksportda ombor, sertifikatlashtirish va tashish xarajatlari subsidiyalanadi

O‘zbekiston kompaniyalarining Suriyaga eksport qilishida ombor, sertifikatlashtirish va tashish xarajatlari subsidiyalanadi
O‘zbekiston kompaniyalariga Suriya bozoriga kirishda ombor ijarasi, mahsulotlarni sertifikatlashtirish hamda tashish xarajatlarini subsidiyalashni o‘z ichiga olgan ko‘mak berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 19-sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Suriya biznes-forumida ma’lum qilindi.
Forumda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Suriya iqtisodiyot va sanoat vaziri Muhammad Nidal ash-Shaar, shuningdek, ikki davlatning savdo-sanoat birlashmalari hamda biznes vakillari qatnashdi. Suriya tomonidan to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, elektrotexnika kabi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 30 dan ortiq kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirkorlarning ikki mamlakat bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston kompaniyalarining eksport jarayonidagi ayrim xarajatlarini qoplash mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Suriya biznesiga esa O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun mahalliy hamkorlarni topish, muzokaralar tashkil etish va loyihalarni amalga oshirishda yordam berish rejalashtirilmoqda.
Forumda savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa choralar ham belgilandi. Xususan, 2027-yil fevral oyida Halab va Damashq shaharlarida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasini, shu yil davomida esa Toshkentda Suriya mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Halabdagi O‘zbekiston savdo uyidan mahalliy bozorda o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib qilish va yangi hamkorlar topishda foydalanish ko‘zda tutilgan.
Tarmoqlar kesimida hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun ikki mamlakat vazir o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh ham tuzilgan. Guruh aniq loyihalar, kompaniyalar va amaliy yechimlar ustida ishlashi, asosiy tashabbuslarni yagona Yo‘l xaritasiga jamlashi rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar davomida kompaniyalar o‘rtasida savdo va investitsiya yo‘nalishlarida dastlabki kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Forum doirasidagi B2B va B2G uchrashuvlarida esa aniq mahsulotlar, investitsiya loyihalari va salohiyatli hamkorlarni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Avgust oyi o‘rtalarida O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari ilk bor Suriyaga eksport qilingani haqida xabar berilgandi. Konditsionerlar, muzlatkichlar va kir yuvish mashinalari ortilgan ikki yuk mashinasi Suriyaning Halab shahriga yetkazilgan. Ushbu yuklarning qiymati 90 ming dollarni tashkil etgan.

