Dunyo

O‘zbekiston “kamikadze” dron ishlab chiqdi. U 1500 km gacha ucha oladi

O‘zbekiston “kamikadze” dron yaratdi. U 1500 km gacha uchishi mumkin

Janubiy Afrika Respublikasida qit’aning eng nufuzli mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasi — Africa Aerospace and Defence (AAD) 2026 bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston uchun alohida pavilyon ajratilgan. E’tiborlisi, ushbu xalqaro ko‘rgazmada mamlakat harbiy sanoat kompleksi tomonidan ishlab chiqilgan yangi zarbdor qurilma namoyish etildi. U ming kilometrdan ortiq masofaga parvoz qila oladi.

Ko‘rgazmada ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma maksimal 200 km/soat tezlikka chiqishi va 6 soat davomida havoda qolishi mumkin. U flying wing (“uchuvchi qanot”) sxemasi asosida yaratilgan bo‘lib, ichki yonuv dvigateli yordamida havoga ko‘tariladi. EAS kompaniyasi vakilining “Daryo”ga aytishicha, dron FN-X deb ataladi va u 1500 km gacha uchishi mumkin.

FN-X’ning asosiy xususiyatlaridan biri — u 30 kilogrammgacha og‘irlikdagi foydali yuk bilan parvoz qiladi. Asosiy zarbdor element sifatida HE-FRAG, ya’ni yuqori portlovchi-parchalanadigan jangovar kallak ishlatiladi. Bunday jangovar kallaklar nafaqat portlash kuchi, balki atrofga metall fragmentlar sochishi bilan ham ajralib turadi.

“Uchuvchi qanot” konstruksiyasi

Yuqorida aytilganidek, FN-X dronini ishlab chiqishda “uchuvchi qanot” sxemasiga murojaat qilingan. Boshqacha aytganda, bunday tuzilmada fyuzelyaj va qanotlar birlashgan bo‘lib, dum qismi alohida shaklda mavjud emas.

Platforma korpusi karbon kompozit materialdan tayyorlangan. Chunki bu xomashyo yengil bo‘lishi bilan birga mustahkam hamdir va qurilma og‘irligini kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bunday materialdan tayyorlangan dronlar harorat hamda namlik o‘zgarishi ta’sirida deformatsiyaga uchramaydi va zanglamaydi.

Karbonning yana bir afzalligi shundaki, u radioto‘lqinlarni qisman yutib, dronning radarlar tomonidan aniqlanish ehtimolini kamaytiradi. Eng muhimi, texnik hujjatda ushbu xomashyo O‘zbekistonda tayyorlanishi qayd etilgan. Bu xorijiy ta’minotchilarga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.

Dronni nima boshqaradi?

Ma’lum bo‘lishicha, FN-X droni yo‘nalishni belgilashda GNSS/INS navigatsiya tizimlaridan foydalanadi. Soddaroq aytganda, bu maqsadda ham sun’iy yo‘ldoshlar, ham dronga o‘rnatilgan giroskop va akselerometr kabi qurilmalar ishlatiladi. Ma’lumot uchun, INS tizimi harakat yo‘nalishi, tezligi va boshlang‘ich nuqtadan qancha masofa uchib o‘tilganini o‘lchaydigan moslamalar to‘plamidir.

Shu bilan birga, platformada AI-assisted autopilot, ya’ni sun’iy intellektga asoslangan avtopilot ham borligi ko‘rsatilgan. Bu radioelektron kurash tizimlari faol ishlayotgan sharoitda ham parvozni davom ettirish va nishonlarni aniqlash imkonini beradi.

FN-X droni asosan 1200 m operativ balandlikda uchadi. Maksimal uchish balandligi esa 3000 metrni tashkil etadi.

Janubiy Afrika O‘zbekiston uchun debyut

AAD 2026 Afrika qit’asining eng nufuzli xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib, unda 300 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Ushbu ko‘rgazmaning muhim jihati shundaki, u bozorning O‘zbekiston kabi nisbatan yosh ishtirokchilariga Afrikaning tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan hamkorlar topish imkonini beradi.

Mazkur xalqaro tadbirda O‘zbekiston uchun alohida milliy pavilyon tashkil etilgan. Unda mamlakat nomidan asosan 4 ta korxona ishtirok etmoqda. Respublika kuch tuzilmalari hamda xorijiy hamkorlar uchun harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaradigan Innovatsiya texnologiyalari markazi shular jumlasidan.

Korxona ko‘rgazmada keng turdagi mahsulotlar bilan qatnashdi. Elektron urush tizimlari, zirhli dubulg‘a, nimcha va plita kabi ballistik himoya vositalari, kimyoviy himoya vositalari, optika moslamalari, dronlarga qarshi tizimlar va ekipirovkaning boshqa elementlari shular jumlasidan. Mazkur stend ko‘rgazma qatnashchilarida jiddiy qiziqish uyg‘otdi. U bilan yaqindan tanishganlar orasida Kongo DR qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Jules Banza Muilambve ham bor.

Jules Banza Muilambve.

Ushbu xalqaro ko‘rgazmada qatnashgan milliy kompaniyalardan yana biri Sahro hisoblanadi. U keng spektrdagi uchuvchisiz uchish tizimlarini yetkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniya katalogidan Lochin brendiga mansub turli dronlarni topish mumkin. Ular kuzatuv, razvedka, hujum hamda artilleriya zarbalarini muvofiqlashtirish kabi qator missiyalarda qo‘llaniladi.

Xususan, Lochin HA-341(M2) modeli vertikal ko‘tarilish va qo‘nish xususiyatiga ega ekani bilan ajralib turadi. Uning operatsion radiusi 50 km, parvoz vaqti esa 2 soatni tashkil etadi. Geksokopter tipidagi Lochin HA-251 droni esa o‘z xususiyatiga ko‘ra bombardimonchi bo‘lib, granatalar, snaryadlar va turli o‘q-dorilarni tashlashga mo‘ljallangan. U 10 kg og‘irlikdagi foydali yuk bilan yarim soat havoda qolishi mumkin. Barcha turdagi uchuvchisiz uchish qurilmalari yuqori sifatli tasvir uzatadigan kamera, tungi missiyalar uchun termal sensorlar hamda lazer masofa o‘lchagich bilan jihozlangan.

Sahro kompaniyasi dronlarga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqa bir kompaniya ularga qarshi tizimlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Electronic Autonomous Solutions 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning katalogidan portativ hamda statsionar turdagi radioelektron tizimlar joy olgan.

EAS-1 Fowler, EAS-2 Air Fender va EAS ADS Airshield 1MS kabi modellar shular jumlasidan. Ulardan dastlabki ikkitasi qo‘lda ko‘tarib yurishga mo‘ljallangan bo‘lib, 1-1,5 km masofadagi uchuvchisiz uchish qurilmalarini zararsizlantira oladi. EAS Dome nomli yana bir tizimga esa kompleks yondashilgan. Ya’ni u tahdidlarni aniqlashdan tortib, bartaraf etishga qadar keng jarayonni qamrab oladi. U radarlar, optik-sensorlar, elektron urush tizimlari va tutib oluvchi dronlarni o‘z ichiga oladi.

Zarba Ammunition korxonasi o‘tochar qurollar, pistoletlar va boshqalar uchun turli kalibrdagi patronlar ishlab chiqaradi. U, shuningdek, patron gilzalari va o‘q komponentlari, ov hamda sport uchun mo‘ljallangan o‘q-dorilar, dronlarga qarshi kurashish uchun o‘q-dorilar, shuningdek, maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan boshqa mahsulotlarni tayyorlaydi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston milliy pavilyoniga qator yuqori darajali rasmiylar, jumladan Janubiy Afrika Respublikasining mudofaa vaziri Matsie Angelina Motshekga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, mezbon davlatning savdo vaziri Parks Tau ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan harbiy va ikki xil maqsadli mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.

Janubiy Afrika Respublikasining savdo vaziri Parks Tau Foto: “Daryo” Mudofaa sanoati agentligining ma’lum qilishicha, ko‘rgazma 16-sentyabrda boshlangan bo‘lib, 20-sentyabrga qadar davom etadi. Made in Uzbekistan yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar tadbir oxirigacha xalqaro hamjamiyat vakillari e’tiboriga havola qilinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.