O‘zbekiston kambag‘allik bosqichini ortda qoldirib, o‘rta sinf bosqichiga o‘tmoqda. Jahon banki yutuqlar, risklar va tavsiyalarni sanadi
Jahon bankining yangi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha keskin pasayib, o‘rta sinf ulushi 37 foizdan 72 foizgacha o‘sdi. Endilikda mamlakat o‘rta sinfdagilarning qayta kambag‘alga aylanmasligi va hududlararo farqlarni kamaytirish ustida ishlashi lozim. Batafsil.

O‘zbekiston kambag‘allik bosqichidan chiqib, o‘rta sinf bosqichiga yaqinlashmoqda. Jahon banki buning yutuqlari, xatarlar va tavsiyalarini bayon qildi
23-sentabr kuni Jahon banki O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari” nomli yangi hisobotini taqdim etdi.
Hisobotda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha tushgani, 3,7 mln odam kambag‘allikdan chiqqani, o‘rta sinf ulushi esa 37 foizdan 72 foizgacha oshgani qayd etilgan.
Tadbirda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zahidov videomurojaat orqali qatnashib, ushbu hisobot bandlik va ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning har bir mintaqasidagi oilalar uchun real natija berayotganini tasdiqlashini aytdi.
“Vazirlik munosib ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi ishlarini davom ettiradi, toki kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan yutuqlar barqaror bo‘lib, mamlakatning barcha hududlarini qamrab olsin”, — dedi u.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy amaliyot direktori Abebe Adugna esa O‘zbekiston oldidagi keyingi vazifa mamlakatdagi barcha odamlar, qayerda yashashidan, jinsidan yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, xavfsiz va farovon hayot qurish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar, xizmatlar va imkoniyatlardan foydalana olishini ta’minlashdan iborat ekanini aytdi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxassin O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bilan cheklanib qolmay, barqaror iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va o‘rta sinfni mustahkamlash sari harakat qilayotganini ta’kidladi.
“Erishilgan natijaning barqarorligini ta’minlash va uni mamlakatning har bir viloyati, tumani hamda mahallasiga tarqatish uchun inson kapitaliga sarmoya kiritish, mehnat bozoriga borgan sari yuqori malaka bilan kirayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni oshirish va samarali ijtimoiy himoya tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi u.
Shundan so‘ng Jahon banki katta iqtisodchisi Ikuko Uochi va tashkilot yetakchi iqtisodchisi Obert Pimhidzai O‘zbekistondagi kambag‘allik va tenglikni baholash natijalari bilan batafsil tanishtirdi.
Jahon banki iqtisodiy sinflarni kambag‘allikka qaytish xavfi qanchalik yuqori ekanidan kelib chiqib belgilaydi. Bunda to‘rtta sinf mavjud bo‘lib, ular quyidagilar:
O‘zbekistonda 2021−2025-yillar oralig‘ida kambag‘allik darajasi juda tez sur’atda pasaydi. Mamlakat kambag‘allik darajasi bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan milliy maqsadli ko‘rsatkichiga (6 foiz) muddatidan oldin erishdi. Ushbu davrda milliy kambag‘allik darajasining pasayishi 11,2 foiz bandni tashkil qildi. 3,7 mln aholi kambag‘allikdan chiqdi.
Kambag‘allik darajasi xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha ham sezilarli kamaygan. Xarid qobiliyati bo‘yicha hisoblanadigan yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar uchun xalqaro kambag‘allik darajasi bo‘yicha O‘zbekiston ko‘rsatkichi 26 foiz bandga pasaygan. Bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida kambag‘al aholi soni qisqarishining 40 foizini tashkil etadi.
Xalqaro mezonlar bo‘yicha mamlakatdagi kambag‘allik dinamikasi quyidagicha ko‘rinish oldi:
2021−2025-yillar oralig‘ida mamlakatda har 10 kishidan 4 tasi (43,6 foiz) yuqoriroq iqtisodiy sinfga ko‘tarildi, buning natijasida mamlakatda o‘rta sinf ulushi 72 foizga yetdi. 10,7 foiz aholi quyi sinfga tushgan bo‘lsa, 45,7 foiz aholining sinfi o‘zgarishsiz qoldi.
Ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, mamlakatda har beshinchi kishi ta’sirchan guruhda qolmoqda
(kambag‘allikka qaytish ehtimoli 10 foizdan baland).
Aholining daromad toifalari bo‘yicha taqsimlanishi o‘tgan davrda quyidagicha bo‘ldi:
O‘tgan davrda kambag‘allik darajasi yuqori hududlarda bu ko‘rsatkich yuqori sur’atda qisqardi. Lekin yuqori-o‘rta sinfning o‘sishi asosan Toshkent shahrida kuzatildi.
2022−2025-yillarda kambag‘allik darajasi 8,4 foiz bandga pasaygan bo‘lsa, bu pasayishning 3,1 foizi yollanma bandlikning oshishi, 6,1 foizi esa bir xodimga to‘g‘ri keladigan yollanma mehnat daromadlarining o‘sishi hisobiga yuz bergan. Bu davrda eng kam daromadli 20 foiz erkaklar orasida yollanma bandlik darajasi keskin oshdi. Ayni vaqtda xalqaro mehnat migratsiyasi, qishloq xo‘jaligidagi faoliyat va o‘zini-o‘zi band qilish ulushi kamaydi.
Mamlakatda ish o‘rinlarini yaratish sur’ati yuqori, biroq ularning aksariyati norasmiy va past unumdorlikka ega. Yangi ish o‘rinlarining uchdan ikki qismi qurilish va savdo sohalarida yaratilgan bo‘lib, ularning qariyb 85 foizi norasmiy ish o‘rinlari hisoblanadi. Real mehnat unumdorligi pasaydi (-4,2 foiz).
O‘tgan davrda xususiy sektorda ish haqining oshishi o‘rta sinf kengayishining asosiy omiliga aylangan. Toshkent shahrida o‘rta sinf kengayishining uchdan ikki qismi xususiy sektorda ish haqining oshishi hisobiga ta’minlangan. Toshkent shahridan tashqarida esa bu omil o‘rta sinf kengayishining 40 foizini tushuntiradi, yana 25 foiz hissa davlat korxonalarida ish haqining oshishi omiliga to‘g‘ri kelgan.
O‘rta sinfga mansublik oliy ma’lumot va ishga ega bo‘lish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida yoki yuqori malakali ish o‘rniga ega bo‘lish bilan bog‘langan.
Hisobot mualliflarining qayd etishicha, O‘zbekistonda o‘rta sinfning kengayishi soliq-budjet siyosati bo‘yicha ijtimoiy shartnomani o‘zgartirmoqda. O‘rta sinfdan soliq tushumlarining ko‘payishi yanada samarali ijtimoiy xarajatlar uchun imkoniyatlar yaratmoqda. Lekin o‘rta sinfga mansub uy xo‘jaliklari ham sezilarli to‘lov hamda subsidiyalar olishda davom etishi daromadlarni qayta taqsimlash samaradorligini pasaytirishi mumkin.
O‘zbekistonda mazkur toifaga mansub uy xo‘jaliklari kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, ayni vaqtda ular ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirishni talab qilmoqda.
Mamlakatda kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi yoki ishsiz, yoki yaxshi ish o‘rniga ega emas. Kambag‘allarning 55 foizi iqtisodiy faol emas, bu ko‘rsatkich yuqori-o‘rta sinfga nisbatan uch baravarga ko‘p. Ishlaydiganlarning deyarli yarmi esa norasmiy band bo‘lib qolmoqda.
Xususiy sektordagi yuqori malakali ish o‘rinlarining yarmi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan. Eng ko‘p maosh to‘lanadigan moliya va telekommunikatsiya sohalarida yuqori malakali ish o‘rinlarining deyarli uchdan ikki qismi Toshkent shahrida joylashgan.
Toshkentdan tashqarida yuqori malakali ish o‘rinlarining cheklanganligi xalqaro mehnat migratsiyasini rag‘batlantirmoqda. Kambag‘al uy xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pida mehnat migrantlari mavjud. O‘rta sinfga mansub uy xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 6,5 foizga teng.
Jahon banki O‘zbekistonning kambag‘allik va tengsizlik masalasidagi davlat siyosatidan kelajakda uchta asosiy natijani kutmoqda. Bular kengroq imkoniyatlardan aholining barcha qatlamlari teng foydalanishini ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, soliq-budjet siyosati va ijtimoiy himoya tizimining adolatliligini oshirish hisoblanadi.
Bu maqsadga erishish uchun mamlakat iqtisodiy rivojlanishda ortda qolayotgan hududlarni o‘sish qutblari bilan bog‘lashi lozim. Shuningdek, hamyonbop uy-joy, fundamental bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish kerak.
Ayni vaqtda infratuzilmadagi kamchiliklar va hududlarning o‘zaro bog‘liqligi darajasi inklyuziv mintaqaviy rivojlanishni cheklamoqda. Katta shaharlardan uzoqlashgan sari iqtisodiy o‘sishning tarqalishi susayib boradi. Hududdan katta shahargacha bo‘lgan yo‘l vaqti uzaygani sari farovonlik ham pasayib bormoqda.
Mamlakat yirik shaharlarga borish vaqtini qisqartiradigan yo‘llar qurish va transport tizimini rivojlantirishni ustuvor vazifaga aylantirishi lozim. Shuningdek, foydalanish imkoniyati yetarli bo‘lmagan hududlarda raqamli tarmoqlar qamrovini kengaytirish kerak. O‘z navbatida bu vazifalar sanitariya va mahalliy xizmatlarni ta’minlash bilan parallel ravishda kechishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, hisobot mualliflari tuman va mahallalarga investitsiyalarning ustuvorligini belgilash vakolatini berishga chaqirmoqda.
Toshkent shahrida uy-joyning bir kvadrat metri aksariyat hududlarga qaraganda 2−3 baravar qimmat, so‘nggi yillarda narxlar ikki baravarga oshgan. Mamlakat poytaxt va boshqa o‘sish markazlarida arzon ijara uylar fondini kengaytirishi lozim. Shuningdek, uy-joylarni transport, ish o‘rinlari va asosiy xizmatlar bilan bog‘lash kerak bo‘ladi.
Fundamental bilimlar darajasi pastligi va oliy ta’lim olish imkoniyatidagi tengsizlik kambag‘al uy xo‘jaliklari a’zolarining yuqori maoshli ish topishiga to‘sqinlik qilmoqda. PISA-2022 natijalariga ko‘ra, mamlakatda 15 yoshli o‘quvchilarning 80 foizi bilim bo‘yicha minimal talablar darajasida ta’lim olmagan. Oliy ta’lim qamrovi hududlar kesimida birdek emas: Toshkent shahrida 63 foizni, Namanganda 23 foizni tashkil etadi.
Mamlakat o‘qituvchilarni tayyorlash, bilimlarni baholash tizimi va ta’limdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash yondashuvini zamonaviylashtirishi lozim. Maktablarning to‘lib ketishi va ko‘p smenali ta’lim holatlarini kamaytirib, to‘liq kunlik maktablar tarmog‘ini kengaytirish kerak.
Parallel ravishda raqamli kasb-hunar va oliy ta’lim imkoniyatlarini ayniqsa STEM va AKT sohalarida kengaytirish talab etiladi. Shuningdek, xususiy sektorni yanada diversifikatsiya qilish uchun ko‘nikmalarni mahalliy talabga moslashtirish kerak bo‘ladi.
Mamlakatda kambag‘al uy xo‘jaliklarida ishlovchilar soni kamroq, ayni vaqtda ularning qaramog‘idagilar ko‘proq bo‘lib turibdi. Kambag‘al va ta’sirchan guruhga kiruvchi uy xo‘jaliklarida iqtisodiy faol bo‘lmagan katta yoshdagilarning 92 foizi ayollar hisoblanadi.
O‘rta hisobda har bir kambag‘al uy xo‘jaligiga qaramog‘ida bo‘lgan 2,5 nafar bola va qariya to‘g‘ri keladi, yuqori-o‘rta sinfda bu ko‘rsatkich 1,2 ni tashkil etadi.
Mamlakatda ayollarga ishlash imkonini beruvchi parvarishlash xizmatlari infratuzilmasini yaratish lozim. 2 yoshgacha bolalari bor onalarning ish bilan band bo‘lish ehtimoli qolganlardan 36 foizga pastroq.
Davlat tashkilotlari va davlat-xususiy sheriklik orqali bolalar parvarish qilish bo‘yicha maqbul narxdagi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish lozim. Shuningdek, ijtimoiy himoya tizimi doirasida bolalarni parvarish qilish xizmatlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. Ta’lim natijalarini yaxshilash va onalar bandligini oshirish uchun esa to‘liq kunlik boshlang‘ich maktablar tarmog‘ini kengaytirish lozim.
Ayollar uchun STEM, AKT, sun’iy intellekt, turizm va mehmondo‘stlik sohalarida texnik va kasb-hunar ta’limi dasturlarini, shuningdek, qisqa muddatli sertifikatlangan kurslarni kengaytirish lozim. Mahalliy hamjamiyatlar darajasida amalga oshirilayotgan malaka oshirish va qayta o‘qitish dasturlarini mahalliy ishchi kuchiga bo‘lgan talab bilan muvofiqlashtirish kerak. Shuningdek, mos bo‘sh ish o‘rinlarini tanlash, ishga joylashishga ko‘maklashish va ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish xizmatlari ham maqsadga erishishda yordam beradi.
Bundan tashqari, Jahon banki mehnat faoliyatini va pensiya badallarini to‘lash davrini uzaytirish uchun pensiya yoshini ayollar va erkaklar uchun bosqichma-bosqich tenglashtirishni tavsiya qilgan.
Ish joylariga ega bo‘lish imkoniyati cheklangani sababli kambag‘al uy xo‘jaliklari asosan transfertlarga tayanib kun ko‘radi, biroq so‘nggi yillarda mamlakatda kam ta’minlangan oilalar nafaqasini to‘lash qamrovi qisqargan (2022-yildagi 26,1 foizdan 2025-yilda 7,8 foizgacha kamaygan). Ayni vaqtda mamlakatdagi kambag‘al uy xo‘jaliklarining 45 foizi mehnat daromadiga ega emas.
Yaxshi yo‘naltirilgan va moslashuvchan ijtimoiy himoya tizimi kambag‘al va ta’sirchan uy xo‘jaliklarini samarali qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli ta’sirchan guruhga mansub uy xo‘jaliklarini himoya qilish uchun kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqa qamrovini kengaytirish, manzilli tayinlash aniqligini esa oshirish lozim.
Ijtimoiy himoya tizimi shoklarga tezkor javob bera oladigan darajada moslashuvchan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, manzilsiz energiya subsidiyalarini qisqartirish va bo‘shagan mablag‘larni manzilli yordamga yo‘naltirish kerak bo‘ladi.

