O‘zbekiston investorlarga yirik gaz resurslariga ega 128 ta neft-gaz bloklarini taklif etadi
O‘zbekiston mamlakatning turli hududlaridagi 128 ta neft-gaz bloklarini xorijiy investorlarga taklif etishni reja qilmoqda, deya ma’lum qildi prezident. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu bloklar 5,8 trln kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslarini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston investorlarga yirik gaz zaxiralariga ega 128 ta neft-gaz blokini taklif etadi
O‘zbekiston neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash yo‘nalishlarida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘i investorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining aytishicha, hozirda Ozarbayjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning BP (British Petroleum) kompaniyalari Ustyurt mintaqasidagi oltita investitsiya blokida geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning boshqa hududlarida xorijiy hamkorlarga taklif etilishi rejalashtirilgan yana 128 ta blok tayyorlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu bloklarning resurslari 5,8 trln kub metr tabiiy gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorodlarni tashkil etadi.
Prezident ushbu resurslarni o‘zlashtirishda raqobat, shaffoflik va iqtisodiy samaradorlik asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
128 ta blok joylashgan aniq hududlar, ularni investorlarga taklif etish muddatlari va hamkorlikning taxminiy shartlari hozircha aniqlashtirilmagan. Shuningdek, dastlab baholangan resurslarning qancha qismi qazib olinadigan zaxiralarga tegishli bo‘lishi mumkinligi ham ma’lum qilinmagan.
O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” 2025-yil 24-iyul kuni besh yil muddatga mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) imzolagan edi.
Hujjat Ustyurt neft-gazli mintaqasining investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutadi.
Hujjatga ko‘ra, qidiruv va razvedka ishlari, shuningdek, kamida bitta razvedka qudug‘ini burg‘ilash besh yil davomida yakunlanishi rejalashtirilgan. Ushbu davr mobaynida SOCAR operator vazifasini bajaradi.
Loyiha doirasida 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz aniqlanishi prognoz qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, gap “ulkan neft resurslariga ega yirik konning ochilish ehtimoli” haqida bormoqda.

