Mahalliy

O‘zbekiston Hindistondan ko‘proq oilaviy sayyohlarni jalb qiladi. Haydaroboddan Toshkentga reyslar qo‘yiladi

O‘zbekiston oilaviy turizmga urg‘u bergan holda Hindistondan keluvchi sayyohlar oqimini oshirishni rejalashtirmoqda. Mamlakatni targ‘ib qilish uchun hindistonlik blogerlar va turoperatorlar jalb etiladi. 28-sentabrdan haftasiga ikki marta Haydarobod — Toshkent aviareysini yo‘lga qo‘yish ham reja qilingan.

O‘zbekiston Hindistondan keluvchi sayyohlar sonini oshirishni maqsad qilgan bo‘lib, bunda bolali oilaviy sayohatlarga ustuvor ahamiyat beriladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Akkulovning ta’kidlashicha, “Hindiston biz uchun turistlar oqimini oshirishda juda yaxshi potensialga ega. Lekin bu borada asosiy mo‘ljalimiz oilaviy turizm — bolalar va oilasi bilan sayohat qiluvchilar bo‘ladi”.

Qo‘mita rahbari hozirda taniqli hindistonlik blogerlar va inflyuyenserlar bilan muzokaralar olib borilayotganini bildirdi. “Ular O‘zbekistonni xavfsiz yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bilan shug‘ullanishadi”, — dedi Abdulaziz Akkulov.

Bundan tashqari, Turizm qo‘mitasi Hindistonning yirik turoperatorlari bilan hamkorlik qilmoqda. Oktabr oyida Toshkentda turizm sohasi vakillarini taqdirlash marosimi hamda turoperatorlar uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab tanishuv turini tashkil etish rejalashtirilgan.

“Ushbu turoperatorlar uchun tarixiy shaharlarimiz bo‘ylab infotur ham tashkil etamiz. Shuningdek, mahalliy turoperatorlarimiz bilan B2B uchrashuvlari o‘tkaziladi”, — dedi qo‘mita raisi.

7-sentabr kuni Turizm qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasi bilan birgalikda Hindistonning Haydarobod shahrida roud-shou o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

“28-sentabrdan boshlab haftasiga ikki marta qatnaydigan yangi Haydarobod — Toshkent reysi yo‘lga qo‘yiladi”, — deya ma’lum qildi Abdulaziz Akkulov.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Hindiston fuqarolarining O‘zbekistonga sayyohlik tashriflari soni sezilarli darajada oshgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 45,5 ming, 2024-yilda 70,6 ming, 2025-yilda esa 80,9 mingni tashkil etdi. Shu tariqa, 2022−2025-yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich deyarli 1,8 baravarga ortdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Hindiston fuqarolarining O‘zbekistonga sayohatlari soni bo‘yicha davlatlar orasida to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Dastlabki uchta o‘rinni Qirg‘iziston (3,3 mln tashrif), Tojikiston (2,7 mln) va Qozog‘iston (2,7 mln) band etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.