Iqtisodiyot

O‘zbekiston gilos eksportida dunyoda oltinchi o‘ringa chiqdi

O‘zbekiston gilos eksporti hajmi bo‘yicha jahonning yetakchi davlatlari qatoriga kirdi. BMTning Comtrade xalqaro savdo ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2024-yilda mamlakat 32,2 ming tonna gilos eksport qilib, dunyo reytingida 6-o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston gilos eksporti bo‘yicha jahonda oltinchi pog‘onaga ko‘tarildi.

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga jami 23,3 ming tonna gilos eksport qildi. Ushbu yarim yillikda eksport qilingan gilosning umumiy qiymati 57,9 million AQSh dollarini tashkil etdi.

BMTning Comtrade xalqaro savdo ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston tashqi bozorlarga 32,2 ming tonna yangi uzilgan gilos yetkazib bergan. Bu mahsulotning umumiy qiymati 70,4 million dollarga teng bo‘lgan.

Ushbu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston gilos eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinni egalladi.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Chili 529,5 ming tonna gilos eksporti bilan yetakchilik qilgan. Undan keyingi o‘rinlarni Gonkong (168,4 ming tonna), AQSh (84,2 ming tonna), Turkiya (66,5 ming tonna) va Ispaniya (34,1 ming tonna) band etgan. O‘zbekistondan keyin Gretsiya (28 ming tonna), Ozarbayjon (25,8 ming tonna), Avstriya (18,1 ming tonna) va Moldova (10,1 ming tonna) gilos eksport qilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonning gilos eksporti dinamikasi turlicha bo‘lgan. Eng yuqori natija 2021-yilda qayd etilib, o‘sha yili xorijga 60,8 ming tonna gilos yetkazib berilgan.

2023-yilda eksport hajmi 45 ming tonnani, 2024-yilda 32,2 ming tonnani, 2025-yilda esa 31,7 ming tonnani tashkil etgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa 23,3 ming tonna gilos tashqi bozorlarga sotilgan.