O‘zbekiston Germaniyaning ko‘chmas mulkni boshqarish tajribasini o‘rgandi
O‘zbekiston va Germaniya vakillari davlat ko‘chmas mulkini boshqarish, raqamli reyestrlar va aktivlardan samarali foydalanish tajribasini muhokama qildi.

O‘zbekiston Germaniyaning ko‘chmas mulkni boshqarish borasidagi tajribasini o‘rgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) 27-avgust kuni Germaniya vakillari bilan birgalikda davlat ko‘chmas mulkini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarga bag‘ishlangan onlayn-seminar o‘tkazdi. Bu haqda DABA xabar berdi.
Tadbirda Germaniya Federal ko‘chmas mulk instituti (BImA), Germaniya Federal moliya vazirligi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) va Indecon Consulting vakillari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy mavzusi Germaniyaning davlat ko‘chmas mulkini markazlashtirilgan boshqarish tajribasi hamda davlat obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirishning amaliy mexanizmlari bo‘ldi.
DABA direktori Sohibjon Murodov Germaniyaning ko‘p yillik tajribasi O‘zbekistonda davlat mulkini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish uchun katta qiziqish uyg‘otishini taʼkidladi. U, xususan, BImA institutsional modelini, shuningdek, davlat ko‘chmas mulkini baholash, sotish va ijaraga berish mexanizmlarini alohida qayd etdi.
BImA vakillari Yorg Muzial va Robert Erfen Germaniyada federal ko‘chmas mulkni boshqarish, obyektlardan samarali foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni taqdim etdilar. Ishtirokchilar, shuningdek, obyektlarni markazlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazish va davlat aktivlarining raqamli reyestrlarini yuritish mexanizmlarini ko‘rib chiqdilar.
Foydalanilmayotgan yoki yetarlicha samarali ishlatilmayotgan davlat ko‘chmas mulki obyektlarini iqtisodiy muomalaga jalb qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Germaniya Federal moliya vazirligi bo‘linmasi rahbari Kristina Klas O‘zbekistonda davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat mulkni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini izchil joriy etmoqda va xususiy sektorning rolini kengaytirmoqda.
Seminar davomida tomonlar ushbu sohada O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar. Davlat ko‘chmas mulkini boshqarish bo‘yicha tajriba almashinuvini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda Agentlik mutaxassislari uchun onlayn o‘quv seminarlari tashkil etiladi. Keyin Germaniya ekspertlari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Uchinchi bosqich Agentlik delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifini nazarda tutadi. Tashrif davomida BImA faoliyati va davlat ko‘chmas mulkini boshqarishning amaldagi mexanizmlari o‘rganiladi.
Seminar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tajriba almashinuvini yanada rivojlantirish va zamonaviy yondashuvlarni O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish tizimiga joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar.

