O‘zbekiston BMTning ilmiy muassasalari bilan suv sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti (UNU-INWEH)

O‘zbekiston BMTning ilmiy muassasalari bilan suv sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Butunjahon suv haftaligi — World Water Week 2026 doirasida Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti (UNU-INWEH) direktori, professor Kave Madani bilan uchrashdi.
Ushbu muloqot Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashinuv va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning suv sohasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv masalasi O‘zbekiston davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Sohada barqaror moliyalashtirish, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish yagona davlat siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligini raqamlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha sezilarli amaliy natijalarga erishilmoqda.
Tomonlar UNU-INWEH bilan hamkorlikni aniq va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga yo‘naltirish, jumladan, qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston tajribasini BMTning Suv konferensiyasi doirasidagi global tashabbuslarda ilgari surish, suv tanqisligi sharoitida ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va samarali boshqaruvga asoslangan yechimlarni xalqaro miqyosda tatbiq etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

