Iqtisodiyot

O‘zbekiston $60 mlnlik mayiz eksport qildi

O‘zbekiston 2026 yilning birinchi yarmida 57 ta davlatga 47,7 ming tonna mayiz eksport qildi. Eksport qiymati $60 mlnni tashkil etdi.

O‘zbekiston 60 million dollarlik mayiz eksport qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 57 ta xorijiy davlatga jami 47,7 ming tonna mayiz yetkazib berdi. Ushbu eksportning umumiy qiymati 60 million dollarni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport hajmi 704,5 tonnaga oshgan.

O‘zbek mayizining asosiy xaridori Qozog‘iston bo‘lib, bu davlatga 15,2 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy (6 ming tonna), uchinchi o‘rinda esa Rossiya (5,6 ming tonna) joylashdi.

Hisobot davrida Turkiyaga 3,9 ming tonna, Eronga 1,7 ming tonna va Ukrainaga 1,6 ming tonna mayiz eksport qilindi. Shuningdek, Ozarbayjon 1,4 ming tonna, Gruziya 1,2 ming tonna, Birlashgan Arab Amirliklari 1,1 ming tonna va Germaniya 1 ming tonna o‘zbek mayizini import qildi. Braziliyaga esa 994,2 tonna mayiz eksport qilingan bo‘lsa, qolgan davlatlarga qariyb 8 ming tonna mahsulot yetkazib berildi.

UN Comtrade ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston 53 ming tonna mayiz eksport qilib, bu mahsulot eksporti bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallagan.

2024-yilda mayizning dunyodagi eng yirik eksportchisi Turkiya bo‘lib, mamlakat 205,9 ming tonna mahsulotni xorijga sotgan. Janubiy Afrika Respublikasi 81,7 ming tonna, Xitoy 76,4 ming tonna va Chili 59,1 ming tonna mayiz eksport qilgan. Eng yirik beshta eksportchi davlat qatoriga Hindiston (55,6 ming tonna) ham kirgan. AQSH 53,7 ming tonna, O‘zbekiston esa 53 ming tonna mayiz eksport qilgan. Reytingda keyingi o‘rinlarni Argentina (38,5 ming tonna), Gretsiya (15,6 ming tonna) va Niderlandiya (12,7 ming tonna) egallagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.