O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya

O‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan respublika seminari bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini yaxshilash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga mamlakatimizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, jumladan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb qilindi.
24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida rus va qardosh tillarda ta’lim beriladigan maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga e’tiborni kuchaytirish va pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Yuliya Risyukova ushbu seminar ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til - bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til - xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi."
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. U shuningdek, "Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim," deya ta’kidladi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etish muhimligini, bu tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarga yetib borishi zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz."
Ushbu o‘quv-seminarning asosiy maqsadi rus va qardosh tillarda ta’lim beriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. Pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdilar.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Ushbu platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhlari uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan. Bu resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdilar.
Ushbu seminar rus va qardosh tillarda ta’lim beriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradilar.

