Ozarbayjon Eron samolyotlariga parvozni taqiqladi

Ozarbayjon Eron samolyotlari uchun parvozni taqiqladi
Ozarbayjon hukumati Eron aviakompaniyalarining mamlakat hududiga parvozlariga cheklov kiritdi.
Bu choraga Vashingtonning Tehronga nisbatan joriy etgan sanksiyalari sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Avvalroq AQSH moliya vaziri Skott Bessent Eron aviatsiyasiga xizmat ko‘rsatadigan aeroportlar va kompaniyalar cheklovlarga duch kelishi, shuningdek dollar orqali hisob-kitob qilish tizimidan uzib qo‘yilishini aytgan edi.
“Ozarbayjon havo yo‘llari” 22-sentyabrdan boshlab respublikaga Eron aviakompaniyalari reyslari to‘xtatilishini ma’lum qildi va bu qaror AQSHning yangi sanksiyalar paketi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Skott Bessent esa CNBC telekanaliga bergan intervyusida 23-sentyabrdan boshlab Eron aviakompaniyalari xalqaro reyslarni amalga oshira olmasligini bildirgan.
“23-sentyabrdan e’tiboran Eronning barcha aviakompaniyalari butun dunyo bo‘ylab o‘z ishini to‘xtatadi. Buni qanday amalga oshiramiz? Agar ular (aeroportingizga) qo‘nsa, siz ularga yonilg‘i quyolmaysiz, ularga qo‘nish xizmatlarini ko‘rsata olmaysiz, chipta sota olmaysiz, aks holda siz dollar tizimidan chiqarib yuborilasiz”, degan edi Bessent.
Avgust oyi oxirida AQSH Eronga qarshi “Iqtisodiy quvg‘in” nomli keng ko‘lamli yangi sanksiyalar kampaniyasini boshladi. Amerika rasmiylari bu orqali Eronning tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarini to‘liq uzib qo‘yish maqsad qilinganini aytdi. Bessent “Eron manfaatlari yo‘lida pul yuvishga yordam beradigan har qanday tashkilot” cheklovlarga duch kelishini bildirgan.
AQSH Moliya vazirligi 8-sentyabr kuni “Iqtisodiy quvg‘in” operatsiyasi doirasida 27 ta Eron aviakompaniyasi sanksiyalar ostida qolganini ma’lum qildi. Ilgari Gruziya Eron bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan edi. Respublika bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bunday qaror sanksiyalar sabab qabul qilinganini aytgan.
Bundan tashqari, 2027-yil martigacha Turkiya aviakompaniyalarining Eronga barcha reyslari bekor qilingan. Shuningdek, Turkiya Eronning Mahan Air aviakompaniyasining mamlakatga parvozlarini taqiqlagan.
Avvalroq Eron samolyoti havoga ko‘tarilgan zahoti g‘ildiragi uzilib ketgani haqida xabar berilgandi. Dvigatelda muammolar yuzaga kelib, samolyot salonida kuchli silkinish yuz bergan. Hodisa tufayli samolyot aeroportga qaytarilgan va Mashhadga muvaffaqiyatli qo‘ndirilgan.

