O‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan arizalar avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal bo‘ladi
O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan muloqotida byurokratiyani qisqartirishga oid qator yangiliklarni e’lon qildi.

Tadbirkorlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan arizalari avtomatik tarzda ularning foydasiga hal bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan bir qator yangiliklarni e’lon qildi.
Davlat xizmatlarining 50 foizi "sukut – rozilik" tamoyili asosida ishlaydi. Bu shuni anglatadiki, agar ariza belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziya berish bo‘yicha arizalar rad etilgan har bir holat Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganiladi. Asossiz rad etish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Yaqin orada 30 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi, yana 35 tasini berish muddati 2-3 barobar qisqartiriladi. 10 ta ruxsatnoma xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun talab qilinadigan veterinariya, sanitariya va fitosanitariya ruxsatnomalari o‘rniga yagona "Salomatlik sertifikati" beriladi. Yangi litsenziya va ruxsatnomalar joriy etilishidan oldin uchta hududda olti oy davomida sinovdan o‘tkaziladi.
Tadbirkorlar mulkiga ijro hujjatlari asosida taqiq qo‘yish bilan bog‘liq ko‘plab e’tirozlar ham qayd etildi. Ushbu masalalar bo‘yicha alohida uchrashuv o‘tkazilib, tizimli yechimlar belgilanadi.

