Mahalliy

O‘z nomiga kredit olishni taqiqlash xizmati qanday ishlaydi?

O‘zbekistonda fuqarolar o‘zining ishtirokisiz yoki xabarisiz nomiga kredit rasmiylashtirilishining oldini olish uchun kredit bitimi tuzishga ixtiyoriy taqiq qo‘yishi mumkin. Buning uchun YaIDXP, Davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali ariza berish kifoya.

O‘z nomiga kredit olishni taqiqlash xizmati qanday ishlaydi?

Qonunchilikka muvofiq, jismoniy shaxs kredit byurosiga ariza topshirish orqali o‘z nomiga kredit shartnomasi tuzilishini taqiqlash huquqiga ega. Bu mexanizm, birinchi navbatda, shaxsning xabarisiz yoki ishtirokisiz uning nomiga kredit rasmiylashtirilishining oldini olishga qaratilgan.

Taqiq o‘rnatish uchun arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshirish mumkin. Shuningdek, fuqarolar Davlat xizmatlari markaziga yoki kredit byurosiga yozma yoxud elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin.

Ariza qabul qilingach, kredit byurosi fuqaroni darhol kredit shartnomasi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritadi. YaIDXP orqali berilgan ariza kredit byurolariga avtomatik ravishda yuboriladi.

Shundan so‘ng bank yoki boshqa tegishli kredit tashkiloti fuqaro bilan kredit shartnomasi tuzishdan oldin reyestrda unga nisbatan taqiq bor-yo‘qligini tekshirishi shart. Qonunga ko‘ra, reyestrdan tegishli ma’lumot olinmasdan turib kredit shartnomasini tuzish taqiqlanadi.

Fuqaro istagan vaqtda ushbu taqiqni olib tashlashi ham mumkin. Taqiqni joriy qilish ham, uni bekor qilish ham ixtiyoriy va bepul amalga oshiriladi.

Xizmat natijasi bo‘yicha QR-kodli ma’lumotnoma taqdim etiladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda u fuqaroning shaxsiy kabinetiga yuboriladi, Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda esa natija belgilangan tartibda ariza beruvchiga yetkaziladi.

Shu tariqa, fuqaro kredit olishni rejalashtirmayotgan davrda o‘z nomiga kredit shartnomasi tuzilishini oldindan taqiqlab qo‘yishi, zarurat tug‘ilganda esa taqiqni bekor qilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.