Oyga ikki yil qoldimi? Starship muhim sinovdan oʻtdi
SpaceXʼning Starship kemasi 28-sentabrdagi sinovda ilk bor orbital parvozni amalga oshirib, sunʼiy yoʻldoshlarni orbitaga olib chiqqani xabar qilindi. Dvigatellardagi nosozliklar tufayli parvoz dasturi qisqartirilgan boʻlsa-da, kema boshqarilgan holda okeanga tushirilgan. Endi asosiy savol - tizim 2028-yilda astronavtlarni Oyga qoʻndirishga tayyor boʻladimi?

Oyga ikki yil qoldimi? Starship muhim sinovdan oʻtdi
Naked Science maqolasiga koʻra, 2026-yil 28-sentabr kuni amalga oshirilgan parvoz Starship tizimining 14-sinovi boʻlgan. Oldingi uchirishlardan farqli ravishda, bu gal kema Yer orbitasiga chiqarilgan va foydali yuk ham olib chiqilgan.
Maqolada Starship balandligi qariyb 50 metr, diametri esa 9 metr ekani, bir uchirishda orbitaga olib chiqilgan eng yirik va ogʻir obyekt sifatida taʼriflangani qayd etilgan.
Kema ayni paytda raketaning ikkinchi bosqichi vazifasini ham bajaradi. Uning katta yonilgʻi baklari orbitada qayta toʻldirilgach, Oy yoki Mars sari parvoz qilish imkonini berishi koʻzda tutilgan.
Maqolada yozilishicha, bosqichlar ajralganidan soʻng birinchi bosqichdagi ikkita Raptor dvigateli qayta ishga tushmagan. Qolgan dvigatellar bu kamchilikni qoplagan va bosqichning pastlashuvi asosan rejalashtirilgan tartibda davom etgan.
Ikkinchi bosqichda ham muammo kuzatilgan: uning oltita dvigatelidan biri ishdan chiqqan. Shundan keyin SpaceX mutaxassislari kemani orbitaga chiqarishni davom ettirish mumkinligini baholagan.
Keltirilgan maʼlumotga koʻra, nosozlik qolgan markaziy dvigatellar ishiga taʼsir qilmagani aniqlangach, orbital parvozni davom ettirishga qaror qilingan.
Biroq orbitaga chiqqandan keyingi ichki tekshiruvlar kutilganidek oʻtmagan. Aniq texnik sabab maqolada ochiqlanmagan. Muallif dvigatel yoki yonilgʻini saqlash va uzatish tizimlarida muammo boʻlgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan.
Dastlab kema Yer atrofida olti marta aylanishi rejalashtirilgan edi. Texnik koʻrsatkichlardagi ogʻishlardan soʻng parvoz ikki aylanish bilan cheklangan.
Shundan keyin Starship tormozlovchi impuls yordamida orbitadan chiqarilib, Havayi orollaridan shimoldagi zaxira qoʻnish hududi tomon yoʻnaltirilgan. Kema okean sathiga yaqinlashganda qoʻshimcha sekinlashib, qoʻnish harakatini sinovdan oʻtkazgan.
Maqola muallifi parvoz dasturi toʻliq bajarilmagan boʻlsa-da, orbitaga chiqish, yuk yetkazish va boshqarilgan qaytishni dastur uchun muhim natija deb baholagan.

