Mahalliy

Ovchilik sohasida yangi tartiblar: raqamlashtirish, kvota va ov qilish hududlari

O‘zbekistonda ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yangi huquqiy normalar sohaga bir qator

Ovchilik sohasida yangi tartiblar: raqamlashtirish, kvota va ov qilish hududlari

O‘zbekistonda ov qilish hamda ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi huquqiy normalar sohaga bir qator yangiliklarni olib kiradi. Ular ov jarayonlarini raqamlashtirish, ov qilish hududlarini aniq belgilash, kvotalarni ilmiy asosda belgilash va ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

1172-sonli Qonun orqali «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida», «Qurol to‘g‘risida» hamda «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Endilikda ovchilik guvohnomalari davlat xizmatlari orqali beriladi. Yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari — ovchilik yo‘llanmalarini berish esa maxsus elektron dastur orqali amalga oshiriladi. Bu ov qilish jarayonlarini raqamlashtirish, ma’lumotlarni tizimlashtirish va sohada shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.

Ov qilish joylari ham aniq belgilanadi. Ov faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan hududlarda, shuningdek, vakolatli davlat organi belgilagan erkin ov qilish joylarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu borada muhim jihat shuki, «erkin ov qilish joylari» tushunchasi istalgan hududda cheklovsiz ov qilish mumkinligini anglatmaydi. Bunday hududlar vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi va ov qilish qonunchilikda belgilangan tartib hamda talablar asosida amalga oshiriladi.

Ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun yer ajratishning yangi mexanizmi ham joriy etiladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan ovchilik bazalarini tashkil etish uchun 10 gektargacha, pitomniklar barpo etish uchun esa 100 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari investitsiyaviy va shartnomaviy majburiyatlar asosida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilishi mumkin.

Bunda yerdan foydalanish faqat ov qilish bilan cheklanmaydi. Pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish, ularni tabiiy muhitga qayta joylashtirish hamda ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni oshirishga qaratilgan ishlarga ham imkon yaratiladi.

Shu bilan birga, pitomnik tashkil etish bo‘yicha aniq majburiyat ham belgilanmoqda. Agar yer ijaraga berilganidan keyin ikki yil ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takroriy ko‘paytirish bo‘yicha pitomnik infratuzilmasi yoki takroriy ko‘paytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinishi mumkin.

Ov kvotalarini belgilashda ham ilmiy yondashuv kuchaytiriladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni belgilash va taqsimlashning ilmiy asoslangan mexanizmlari mustahkamlanadi. Bunda hayvonlar soni, ularning populyasiyasi holati va boshqa omillar hisobga olinadi.

Yana bir muhim yangilik — pitomniklarda yetishtirilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitga qo‘yib yuborishni rag‘batlantirishdir. Ovchilik xo‘jaliklariga pitomniklarda yetishtirilib, tabiiy muhitga qo‘yib yuborilgan hayvonlar soniga mutanosib ravishda, ularning urchish davridan tashqari vaqtlarda ov qilishni tashkil etish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Shu tariqa, yangi normalar ovchilik sohasida faqat ov qilish jarayonini tartibga solish bilangina cheklanmay, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish, ularning tabiiy populyasiyalarini saqlash, ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda sohada shaffof va raqamlashtirilgan boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Qonunning asosiy maqsadi — hayvonot dunyosi resurslaridan oqilona foydalanish bilan birga bioxilma-xillikni saqlash va ovchilik faoliyatini zamonaviy, shaffof hamda ilmiy yondashuvlar asosida tashkil etish uchun huquqiy mexanizmlarni mustahkamlashdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.