OTMga kirish imtihonlarida eng yuqori ball olgan maktab bitiruvchilari soni 8 baravar oshdi

OTMga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan maktab bitiruvchilari soni 8 barobar ortdi.
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olgan maktab bitiruvchilari soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, test sinovlarida eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan maktab bitiruvchilari soni o‘tgan yilga nisbatan 8 barobarga oshgan. 2026-yilda 4 825 nafar maktab bitiruvchisi eng yuqori 189 ballni to‘plagan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 619 nafarni, 2024-yilda esa 101 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga (13 ming nafarga) kamaygan.
Vazirlik ma’lumotlarida qayd etilishicha, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar soni so‘nggi 3 yilda 3,5 foizga oshgan.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi viloyatlarda kuzatilgan:
Navoiy viloyati — 52,5 foiz;
Buxoro viloyati — 37,9 foiz;
Jizzax viloyati — 35,9 foiz.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish test sinovlaridagi sifat ko‘rsatkichlari 11 ballga oshgan. O‘rtacha ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha hududlar kesimida Navoiy viloyati peshqadamlik qilmoqda (112,8 ball).
2026-yilda 454 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomlagan (o‘tgan yilga nisbatan 16 mingga ko‘paygan) bo‘lib, shundan 333 463 nafari (73 foizi) test sinovlarida ishtirok etgan. Joriy yil bitiruvchilarining 34 681 nafari davlat grantiga tavsiya etilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4 800 nafarga ko‘p. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 29 881 nafarni, 2024-yilda esa 24 330 nafarni tashkil etgan.

