OTMda boʻsh qolgan oʻrinlarga qabul 28-avgustgacha davom etadi
Oʻzbekistonda oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlmay qolgan vakant oʻrinlar uchun abituriyentlardan arizalar qabul qilinmoqda. Kirish imtihonlarida kamida 56,7 ball toʻplab, talabalikka tavsiya etilmaganlar, shuningdek, tanlov bosqichida OTM va taʼlim yoʻnalishini tanlamagan abituriyentlar tanlovda qatnashishi mumkin. Arizalar 28-avgustga qadar qabul qilinadi.

OTMlardagi boʻsh oʻrinlarga qabul jarayoni 28-avgustga qadar davom etadi. Abituriyentlarni qiziqtirgan asosiy savollarga javoblar berildi.
Kirish imtihonlarida ishtirok etib, 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan, ammo oʻqishga kira olmagan abituriyentlar boʻsh qolgan oʻrinlar uchun hujjat topshirishlari mumkin. Shuningdek, qabulning tanlov bosqichida oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlamagan abituriyentlarga ham vakant oʻrinlar uchun ariza berish imkoniyati taqdim etiladi.
Abituriyent oʻzining fanlar majmuasiga mos taʼlim yoʻnalishlarida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlsa, 5 tagacha yoʻnalish va oliy taʼlim muassasasini tanlashi mumkin. Bunda kunduzgi, kechki yoki masofaviy taʼlim shakllaridan birini tanlash imkoniyati mavjud.
Vakant oʻrinlar uchun ariza Bilim va malakalarni baholash agentligining shaxsiy kabineti orqali topshiriladi. Abituriyent shaxsiy kabinetidagi "Vakant oʻrinlar uchun ariza berish" boʻlimi orqali tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Vakant oʻrinlar uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda saralanadi. Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtganlar bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi. Yaʼni, ushbu vakant oʻrinlarga qabul davlat granti asosida emas.
Vakant oʻrinlar uchun ariza berish jarayoni 22-avgustdan 28-avgustgacha davom etadi. Qabul yakunlanganidan soʻng bir hafta ichida tanlov natijalari – mandat eʼlon qilinishi belgilangan.
Agar abituriyent tanlamoqchi boʻlgan yoʻnalish tizimda koʻrinmasa, bu yoʻnalish boʻyicha belgilangan qabul kvotasi toʻlgan boʻlishi mumkin. Qoʻshimcha qabul barcha taʼlim yoʻnalishlariga emas, faqat qabul parametrlari toʻlmay qolgan vakant oʻrinlarga amalga oshiriladi.

