O‘tgan sentabr O‘zbekiston tarixidagi eng iliq va qurg‘oqchil oylardan biri bo‘ldi — O‘zgidromet
O‘zgidrometga ko‘ra, o‘tgan sentabr oyida O‘zbekistonda havo harorati me’yordan 1,2−2,5 darajaga yuqori bo‘lib, meteokuzatuvlar tarixidagi eng iliq va qurg‘oqchil davrlardan biri sifatida qayd etildi. Mamlakatning katta qismida yomg‘ir yog‘madi, ayrim hududlarda kuchli shamol va chang-to‘zonlar kuzatildi.

O‘tgan sentabr O‘zbekiston tarixidagi eng iliq va qurg‘oqchil oylardan biri bo‘ldi — O‘zgidromet
O‘tgan sentabr oyi harorat rejimi jihatidan O‘zbekistonda kuz mavsumining boshiga xos, yetarlicha iliq va keskin harorat o‘zgarishlarisiz kechdi, deya xabar bermoqda.
Respublika hududining katta qismida havo harorati asosan qulay bo‘lgan +29…+34 daraja atrofida saqlandi, eng issiq kunlarda ayrim joylarda +35…+37 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarda esa +38 darajagacha ko‘tarildi. Bu sentabr oyining maksimal harorat rekordlari respublika hududining katta qismida +38…+40 daraja, shimol, janub va cho‘l hududlarda esa +41…+42 darajadan past bo‘ldi.
Sentabrning so‘nggi haftasida harorat fonining bir maromda pasayishi kuzatildi. Kunduzgi havo harorati asosan +24…+27 darajadan, eng chekka janubda esa +28…+30 darajadan yuqori bo‘lmadi.
Respublikaning katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1,2−2,5 darajaga yuqori bo‘ldi, shimolda va Farg‘ona vodiysida esa ayrim joylarda me’yor atrofida qayd etildi.
Sinoptiklar qayd etishicha, o‘tgan oy O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning butun tarixiy qatori davomida eng iliq sentabr oylari qatorini to‘ldirdi.
O‘tgan sentabr o‘ta qurg‘oqchil sharoit bilan ajralib turdi. O‘zbekiston hududining katta qismida (shimoliy va sharqiy hududlardan tashqari) yomg‘irlar umuman kuzatilmadi yoki 1−3 holatda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘di.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona vodiysida ko‘pchilik hududlarda yog‘gan yomg‘ir miqdori oylik me’yordan 1,5−3 marta, ayrim joylarda esa 4−6 marta ko‘p bo‘ldi.
Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, kamdan-kam hollarda esa respublikaning markaziy hududlarida ayrim kunlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchaygani qayd etildi. 2−3-sentabrda Ustyurtda va 20-sentabrda Toshkent viloyatining baland tog‘li hududlarida shamol kuchayishi 20−21 m/s ga yetdi.
Ayrim joylarda shamol kuchayishi chang-to‘zonlar bilan kuzatildi. Tez-tez changli g‘uborlar ham qayd etilib turdi. 24-sentabrda Namangan viloyatining Chust tumanida sel-suv toshqin hodisalari qayd etildi.

