OTB MAREH chegara punktlarini modernizatsiya qilish uchun 400 million dollar ajratilishini maʼqulladi
Osiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (MOMIH) mamlakatlarida chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish va savdo-sotiqni osonlashtirish uchun 400 million dollar ajratilishini maʼqulladi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) mintaqasida chegara oʻtish punktlarini modernizatsiya qilish, transport va logistika xarajatlarini kamaytirish hamda odamlar va tovarlar harakatini yaxshilash uchun BUILD deb nomlangan 400 million dollarlik mintaqaviy moliyalashtirish dasturini maʼqulladi, deb xabar beradi bank.
Integratsiya, logistika va rivojlanish uchun chegaralarni modernizatsiya qilish (BUILD) dasturi chegara infratuzilmasiga ustuvor investitsiyalarni moliyalashtiradi, oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytiradi va MOMIHga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi raqobatbardoshlikni mustahkamlaydi.
«Chegaralar shunchaki nazorat-oʻtkazish punktlari emas. Ular ish oʻrinlari yaratish, mintaqaviy bozorlarni rivojlantirish va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish eshigidir», — dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha bosh direktori Liya Gutyerres.
Gutyerresning taʼkidlashicha, BUILD dasturi MOMIH davlatlariga tezroq, zamonaviyroq va yaxshiroq bogʻlangan chegara oʻtish joylarini yaratishga yordam beradi. Bu esa iqtisodiyotlarni bir-biriga yaqinlashtirish, transchegaraviy bozorlarni kengaytirish va iqtisodiy koridorlarni rivojlantirish orqali samarasizlikka barham berishi kutilmoqda.
Modernizatsiya qilish tashabbusi MOMIH transport koridorlari boʻylab chegara oʻtish punktlaridagi doimiy toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan boʻlib, u yerda savdo hajmining oʻsishi, infratuzilmaviy cheklovlar, quvvatlarning yetishmasligi va eskirgan chegara boshqaruvi tartib-taomillari harakatni sekinlashtirishda davom etmoqda.
OTB baholashiga koʻra, chegaradagi mavjud cheklovlar iqtisodiy yoʻqotishlarga olib keladi va transport operatorlari, savdo korxonalari hamda yoʻlovchilar uchun qiyinchiliklar tugʻdiradi, shu bilan birga, odam savdosi, atrof-muhitning yomonlashuvi va jamoat salomatligiga tahdidlar bilan bogʻliq xavflarni oshiradi.
BUILD dasturi orqali ajratilgan mablagʻlar MOMIH mamlakatlaridagi temir yoʻl va avtomobil nazorat-oʻtkazish punktlaridagi ustuvor loyihalarga yoʻnaltiriladi. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar qatoriga zamonaviy infratuzilma barpo etish, raqamli tizimlarni joriy etish hamda ilgʻor tekshiruv va nazorat uskunalarini oʻrnatish kiradi.
Ishlar, shuningdek, oʻtish vaqti va u bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytirish uchun chegara nazorati tartib-taomillarini soddalashtirish va uygʻunlashtirishga qaratiladi.
Bundan tashqari, dastur institutsional salohiyatni mustahkamlash, transport va logistika sektoridagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni oʻz ichiga oladi.
BUILD tashabbusi xususiy investitsiyalar uchun imkoniyatlar yaratish bilan bir qatorda, qishloq xoʻjaligi, turizm va transport xizmatlari kabi sohalardagi mikro, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlib, ularning mintaqaviy savdoda yanada samarali ishtirok etishiga yordam beradi.
MOMIH dasturiga Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kiradi. Aʼzo mamlakatlar mintaqaviy hamkorlik orqali barqaror oʻsishni taʼminlash uchun rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan birgalikda ishlaydi, OTB esa MOMIH Kotibiyati vazifasini bajaradi.
1966 yilda tashkil etilgan Osiyo taraqqiyot bankiga 69 ta aʼzo egalik qiladi, ulardan 50 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan.

