Ostonadagi AI & Digital Bridge 2026`da O‘zbekiston startaplarini xorijga chiqarish bo‘yicha memorandum imzolandi
1−3-oktabr kunlari Ostonada o‘tgan AI & Digital Bridge 2026 forumi doirasida IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub startaplarni xorijiy bozorlarga chiqarish bo‘yicha memorandum imzoladi.

Ostonada bo‘lib o‘tgan AI & Digital Bridge 2026 forumida O‘zbekiston startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish bo‘yicha memorandum imzolandi
AI & Digital Bridge 2026 xalqaro texnologik forumi 1−3-oktabr kunlari Ostonada tashkil etildi. Tadbirda Qozog‘iston va xorijiy davlatlardan 150 dan ortiq spiker, texnologik kompaniyalar vakillari, investorlar hamda startaplar qatnashdi. Forum yakunlaridan biri sifatida IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub o‘rtasida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston kompaniyalarining xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga doir kelishuvga erishildi.
AI & Digital Bridge Qozog‘istondagi Raqamlashtirish va sun’iy intellekt yili doirasida o‘tkazilgan AI Month — sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik yo‘nalishidagi tadbirlar oyligining asosiy xalqaro tadbiri bo‘ldi.
Forum qatnashchilari sun’iy intellekt, hisoblash infratuzilmasi va robototexnikani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Yalpi majlisda General Atlantic rahbari Uilyam Ford, NVIDIA vitse-prezidenti Rev Lebaredyan, Network School asoschisi Balaji Srinivasan hamda OneWeb va E-Space asoschisi Greg Uayler so‘zga chiqdi.
1-oktabr kuni forumda nutq so‘zlagan Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev sun’iy intellekt sanoat, moliya, ta’lim, fan va davlat boshqaruvini o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, texnologiyalarni rivojlantirish iqtisodiyotning real ehtiyojlariga tayangan holda, innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga olib borilishi kerak.
Toqayev sanoat sohasida sun’iy intellekt yordamida hal etilishi kerak bo‘lgan vazifalar ro‘yxatini tuzish va uning asosida Qozog‘iston hamda xorijiy jamoalar ishtirokida AI Challenge tanlovini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Samaradorligi isbotlangan eng yaxshi yechimlarni ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilmoqda.
Prezident olimlar, muhandislar va tadbirkorlarni tayyorlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
“Hech bir mamlakat sun’iy intellekt salohiyatini yolg‘iz o‘zi to‘liq ro‘yobga chiqara olmaydi”, — dedi Toqayev bilim almashish, qo‘shma tadqiqotlar, investitsiyalar va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etib.
O‘zbekiston uchun forumning amaliy natijalaridan biri IT Park Uzbekistan, Astana Hub va Eurasia Growth Hub o‘rtasida memorandum imzolanishi bo‘ldi. Hujjat ikki mamlakat texnologik kompaniyalariga xorijiy buyurtmachilar, investorlar va biznes hamkorlar topishda ko‘maklashishga qaratilgan.
Memorandumni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov, Astana Hub bosh direktori Magjan Madiyev va Eurasia Growth Hub bosh ijrochi direktori Muzaffar Karabayev imzoladi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri Eurasia Growth Hub orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplariga Buyuk Britaniya hamda boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishda yordam berish bo‘ladi. Hamkorlar soft landing — yangi bozorga moslashishni yengillashtiruvchi mexanizmlarni yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Bu bozorni o‘rganish, biznesni rivojlantirish va operatsion masalalarni hal qilishda ko‘mak berishni o‘z ichiga oladi.
Tomonlar qo‘shma forumlar, vebinarlar, biznes missiyalar va B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni ham rejalashtirmoqda. Ushbu tadbirlar kompaniyalarga potensial mijozlar, strategik hamkorlar, investorlar va akseleratorlar bilan aloqa o‘rnatishda yordam beradi.
“Ushbu hamkorlik startaplar uchun hamkorlar va mijozlarni topishdan tortib investitsiyalarni jalb qilishgacha bo‘lgan yangi amaliy imkoniyatlarga yo‘l ochadi”, — ta’kidladi Azamat Karamatov.
Memorandum sun’iy intellekt hamda tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni ham nazarda tutadi. Ular bilim almashish, sinov loyihalari, mentorlik dasturlari hamda biznesning ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan hamkorligini qamrab oladi. O‘zbekiston texnologik jamoalari uchun ushbu hamkorlik biznes aloqalarini kengaytirish va mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

