Oston O‘runov “Persepolis” murabbiyi bilan ziddiyat sabab jamoani tark etishi mumkin

Oston O‘runov "Persepolis" murabbiyi bilan kelishmovchilik tufayli jamoani tark etishi mumkin
Eronning "Persepolis" klubida o‘ynayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runov va jamoaning yangi bosh murabbiyi Mehdi Tartar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelgani xabar qilinmoqda. Eron nashrlarining ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat futbolchining qishki transfer oynasida jamoani tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Muxlislar tomonidan so‘nggi yillarda Eron chempionatiga kelgan eng yaxshi legionerlardan biri sifatida e’tirof etiladigan O‘runov o‘tgan mavsumda "Persepolis"ning chempionligiga katta hissa qo‘shgan edi. Biroq keyinchalik olgan jarohatlari uning o‘yin amaliyotiga ta’sir ko‘rsatdi.
Yangi mavsum oldidan jamoa boshqaruviga kelgan Mehdi Tartar o‘zbekistonlik vingerning o‘yin uslubiga yetarlicha ishonch bildirmayotgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, murabbiy va futbolchining taktik talablar bo‘yicha qarashlari turlicha bo‘lib, buning oqibatida O‘runov asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan. Nashrlardan birining yozishicha, Tartar O‘runovdan maydonda muayyan vazifalarni bajarishni talab qilmoqda, biroq vinger buni to‘liq oqlay olmayapti.
Manbalarning ta’kidlashicha, "Istiqlol Huziston"ga qarshi o‘yindan so‘ng murabbiy va o‘yinchi o‘rtasida umuman muloqot bo‘lmagan. Jamoa sardori Muhammadhusayn Kananizadegon vaziyatni yumshatishga urinib, O‘runovdan sabrli bo‘lishni so‘ragan. Ammo o‘zining jismoniy holatini yaxshi baholayotgan futbolchi zaxirada qoldirilayotganini o‘ziga nisbatan nohaqlik deb hisoblamoqda. Muammo to‘liq hal etilmaguncha, uning asosiy tarkibga qaytishi so‘roq ostida qolmoqda.
Mazkur vaziyat Eron chempionatining so‘nggi turida Tabrizning "Traktor" jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda (0:1) yanada yaqqol ko‘zga tashlandi. Mavsumni ikkita g‘alaba bilan boshlagan tehronliklar bu safar mag‘lubiyatga uchradi.
Ushbu bahsda Mehdi Tartar Oston O‘runovni ham, jamoaning yana bir o‘zbekistonlik hujumchisi Igor Sergeyevni ham maydonga tushirmadi. Qayd etish lozimki, O‘runov joriy mavsumning dastlabki 3 ta o‘yinida biror marta ham asosiy tarkibda maydonga tushmagan.
Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda murabbiyni o‘zbekistonlik legionerlardan foydalanmagani uchun tanqid qilgan. Tartar esa o‘yindan keyingi matbuot anjumanida buni quyidagicha izohladi: "Sergeyev va O‘runovning maydonga tushmagani — bu texnik qaror. Barcha chiziqlarda yaxshi o‘yinchilarimiz bor va kim maydonga tushishini murabbiylar shtabi hal qiladi".
Vujudga kelgan ushbu holat fonida "Persepolis"ning raqiblaridan biri bo‘lgan "Traktor" klubi vaziyatni kuzatib bormoqda. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tabrizliklar qishki transferlar oynasida Oston O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Hozircha vaziyat qanday rivojlanishi va Mehdi Tartar keyingi turlarda O‘runovga imkoniyat berish-bermasligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

