Mahalliy

Oson boylik illyuziyasi: nega oʻzbekistonliklar firibgarlarga yana va yana aldanmoqda?

Kun.uz moliyaviy piramidalarning ishlash sxemasi, ular qanday qilib odamlarni oʻziga jalb qilayotgani va bu tuzoqqa tushmaslik uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligini «Seven Jade» misolida tahlil qildi.

Oson boylik illyuziyasi: nega oʻzbekistonliklar firibgarlarga yana va yana aldanmoqda?

Oʻzbekiston kiberfiribgarlar uchun «qaynoq bozor»lardan biriga aylanib qoldi. Soʻnggi vaqtlarda moʻmay daromad vaʼda qilib, oʻn minglab odamlarni milliardlab pullarga chuv tushirgan moliyaviy piramidalar haqida tez-tez eshitadigan boʻlib qoldik. Shunga qaramay, bunday turdagi firibgarlik bozori inqirozga yuz tutish oʻrniga aksincha «gullab-yashnayapti».

Moliyaviy piramida nima?

Moliyaviy piramidalarning ishlash tamoyili tizimga doimiy ravishda yangi odamlarni va ularning sarmoyalarini jalb qilishga tayanadi. Bu jarayonda tarmoqqa avval qoʻshilganlarning foydasi faqat keyinroq qoʻshilganlarning pullari hisobidan qoplanadi. Koʻpincha bunday loyihalar aʼzolaridan maʼlum miqdorda badal toʻlashni hamda kamida ikki yoki undan koʻp odamni tarmoqqa olib kirishni talab qiladi. Ushbu shartlar bajarilganda, kiritilgan mablagʻ juda katta ulush bilan qaytarib berilishi kafolatlanadi.

Koʻp hollarda piramidalar qonuniy tijorat korxonasi niqobi ostida roʻyxatdan oʻtadi va goʻyo qandaydir soxta loyihalarni amalga oshirish uchun «investitsiya» yigʻayotganini daʼvo qiladi. Ular mijozlarga uzoq muddatli va haddan tashqari yuqori daromad vaʼda qilishadi, garchi bu iqtisodiy jihatdan mutlaqo imkonsiz boʻlsa ham. Aslida esa bunday tuzilmalar hech qanday real mahsulot yoki qiymat yaratmaydi, ularning faoliyati faqat yangi aʼzolarning toʻlovlariga bogʻliq. Aynan shu jihati bilan piramidalar haqiqiy biznesdan keskin farq qiladi. Hech qanday ishlab chiqarish yoʻqligi va bajarib boʻlmaydigan vaʼdalar sababli, har qanday moliyaviy piramida oxir-oqibat qulaydi. Piramida asoschilari avvaliga odamlarning ishonchini qozonish uchun dastlabki aʼzolarga vaʼda qilingan foydani toʻlab berishadi. Toʻlovlar haqidagi xabarlar esa qarindosh-urugʻ va tanish-bilishlar orasida tez tarqalib, tashkilotchilarning «biznesi» yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston tarixida kuzatilgan eng yirik va shov-shuvli moliyaviy firibgarlik tarmogʻi, shubhasiz, chinozlik Ahmadjon Tursunboyev hamda uning sheriklari tomonidan yaratilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida «Ahmadboy ishi» doirasida 11 ming 700 kishi jabrlangani va ularga yetkazilgan umumiy moddiy zarar 418 milliard 293 million soʻmni tashkil etgani maʼlum boʻladi. Bu oʻsha paytdagi rasmiy kurs boʻyicha 142 mln dollardan ortiqni, qora bozordagi kurs boʻyicha esa qariyb 70 mln dollarni tashkil etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.